“QILTOMOQ” NING DAVOSI BORMI?

0
1288
marta koʻrilgan.

Xalq orasida “qiltomoq”– disfagiya kasalligi qadimdan maʼlum. Xoʻsh, “qiltomoq” kasallikning belgilari qanday?!

Qiziloʻngach oʻsmasi deb ataladigan ushbu kasallik asosan tomoqdagi noqulaylik, ovqatni chaynash va yutish paytidagi qiyinchiliklar orqali boshlanadi. Uning kelib chiqishiga ovqatlanayotgan vaqtdagi noxush holatlar sabab boʻladi. Shoshib – pishib  tanovul qilish natijasida qiziloʻngach baliq qiltanoqlari, ovqatdagi mayda suyaklardan shikastlanadi yoki kimyoviy kislotalar va ishqorlardan kuyishi ham sabab boʻlishi mumkin.

Shuningdek, ushbu xastalik miya qon-tomirlari jarohatlanishi, miya shikastlanishi, xavfli va xavsiz oʻsmalar, asab kasalliklari va boshqa omillar tufayli ham yuzaga kelishi mumkin.

 Kasallik vaqti bemorda  qiziloʻngach devorlari shikastlanib, torayadi va bu holat ovqat yutishning qiyinlashishi (disfagiya)ga olib keladi. Bunda bemor dastlab quyuq, keyinchalik suyuq ovqatlarni ham yutolmay qoladi. Toʻsh orqasida, baʼzan koʻkrak pasti va qorin sohasida turli ogʻriqlar kuzatiladi.

Qiziloʻngach teshigining torayishi natijasida ayniqsa quyuq taom isteʼmol qilayotganda kuchli ogʻriq boʻladi. Disfagiya belgilari kuzatilganda, avvalo ovqatni oz-ozdan, boʻlib-boʻlib yeyishga odatlanishi kerak. Buning uchun kuniga 4-5 mahal taomlanishi maqsadga muvofiq. Dasturxon oldida imkon boricha gapirmaslik, taomlanayotganda shoshilmaslik lozim.  Aks holda qiziloʻngachga havo ketib, ovqat oʻtishi yanada qiyinlashishi, bu esa bemorga ortiqcha noqulaylik tugʻdirishi mumkin. Bundan tashqari, ovqatdan soʻng darhol uxlashga yotib olmaslik zarur. Iloji boricha suyuq ovqatlar, boʻtqalarni tanovul qilish maʼkul. Agar yutish buzilishi bemorning hayotiga xavf tugʻdirsa, shifokor tomonidan bemorni maxsus naycha orqali ovqatlantirish buyuriladi.

Qiziloʻngach faoliyatining buzilishiga koʻpgina omillar sabab boʻladi. Qiziloʻngach sohasidagi aksariyat ogʻir xastaliklar shilliq qavatning shikastlanishi tufayli kelib chiqadi. Baʼzan shoshib ovqatlanish yoki quruq yeguliklarni yaxshi chaynamasdan yutish ham qiziloʻngachning ichki nozik shilliq qavatlarini shikastlantirishi mumkin. Buning natijasida shilliq qavatda turli oʻsmalar paydo boʻladi.

Qiziloʻngach saratonining dastlabki bosqichlari koʻpincha alomatlarsiz oʻtadi. Kasallik faqat ovqatni yutish qiyinlashgandagina oʻzini namoyon qiladi. Bu holat esa qiziloʻngachning ichkarida oʻsayotgan oʻsimta bilan toʻsib qoʻyilganda yuzaga keladi. Xususan, kichik shish paydo boʻlishi devorning spazmiga va natijada ovqatning siqilishga olib kelishi mumkin.

Aslida qiziloʻngach oʻsmalari ikki xil boʻlib, xavfli va xavfsiz turlarga ajraladi. Xavfsiz oʻsma hujayralari tananing boshqa aʼzolariga tarqalmaydi. Masalan, fibroma, gemangioma, neyrofibroma, leymiomalar asosan erkaklarda uchraydi. Xavfli oʻsma esa xavfsiziga qaraganda tezroq va betartib rivojlanadi. Keyinchalik esa yon-atrofdagi toʻqimalarga kirib borib, ularni zararlaydi.

 Kasalikka tashxis qoʻyish turini aniqlash uchun shifokor bemorda diagnostik tekshiruvlarni oʻtkazadi. Unutmaslik lozim, har qanday bemorga qoʻyiladigan toʻgʻri tashxis chuqur tekshiruvga asoslanadi. Shifokor qiziloʻngachni endoskopik tekshiruvdan oʻtkazish uchun laborator tekshiruvlarni tayinlaydi. Zarur boʻlsa, biopsiya – tekshiruv uchun toʻqimaning kichik bir qismi ham olinishi mumkin.

Shuningdek, oʻsimta tarqalishini bilish uchun (boshqa toʻqimalar va organlarning ishtirok etish darajasi) qoʻshimcha tekshiruv usullari ham qoʻllaniladi. Shifokor yutishning qaysi bosqichi buzilishini aniqlagach, shunga qarab har bir bemor uchun individual tiklash muolajalarini tayinlaydi.

Jumladan, bemorga asosan nutq terapiyasi, faol yutish va chaynashning ragʻbatlantirish mashqlari, artikulyar mashqlar, faringeal mushaklarning tebranishini oʻz ichiga olgan mashgʻulotlar buyuriladi. Shu bilan birga, taomnomaga ham alohida eʼtibor berilib, suyuq va quyuq ovqatlarning mosligi belgilanadi. Mutaxassis tomonidan tayinlangan mashgʻulotlar davomiyligi bemorning holatiga qarab davom ettiriladi.

 Odamda qiziloʻngachning xavfli oʻsmasi aniqlansa, u holda maxsus davolash choralari – nur yoki kimyoviy dorilar tayinlanadi.

Aytish joizki, hozirgi paytda zamonaviy tibbiyot qiziloʻngach oʻsmalarini erta aniqlab, tashxis qoʻyish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Oʻsmalarni olib tashlash maqsadida oʻtkaziladigan jarrohlik amaliyotlari ham ijobiy natija beradi. Buning uchun bemor shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilishi zarur.

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.