Qonni tabiiy usulda yaʼni sunʼiy dorilarsiz suyultirish mumkinmi?

2
46140
marta koʻrilgan.

XX  asr oxiri va XXI asrda insoniyatning ona tabiatga uygʻunligi pasaydi. Atrofimiz  toʻla sunʼiy mahsulotlar. Bolalarimiz ota-onalarimiz isteʼmol qilgan tabiiy tut mayiz, qovun qoqi va turli mevalar qoqisi va ulardan tayyorlangan kompotlar, shuningdek, qand lavlagi, mayiz hamda tut shinnisi oʻrniga turli sunʼiy boʻyoqlar solingan ichimlig-u  konfetlarni xush koʻradigan boʻlib qolishdi. Qonni esa aynan tabiiy meva sharbatlari, qizil lavlagi salati, quruq mevalardan tayyorlangan kompotlar suyultiradi.

Bahorda kunlar isib, quyosh charaqlagan kunlarda zuluk koʻydirish (giriudoterapiya), xijama qildirish (qon oldirish) ham organizmda qonning yangilanib, insonning yosharishiga turtki boʻluvchi omillardandir. Umuman olganda qon quyulishi va qabziyat (ich qotish) avvalo, notoʻgʻri ovqatlanish hamda kamharakatlik sababli yuzaga keladi. Qabziyatning salbiy taʼsiri sababli bavosil (gemoroy) xastaligi rivojlanadi. Sogʻlom odamning ichi har kuni va ravon kelishi lozim.

  Ich qotishi natijasida organizm zaharlanadi. Bemorning boshi ogʻriydi. Baʼzan uning koʻngli behuzur boʻladi. U esa sababi qabziyatdan ekanligini anglamaydi va bosh ogʻrigʻiga qarshi dori vositalarini ichadi. Bu sunʼiy dorilar esa yurak va buyraklarga zarar yetkazadi. Shunday paytda xasta odam dagʻal tolali yaʼni, tarkibida kletchatka moʻl boʻlgan qora, kepakli non, qizil lavlagili salat, bugʻda pishirilgan qand lavlagi isteʼmol qilish kerak. Arpabodiyon urugʻi solib, ivitilgan turshak ham ichni yurishtiradi.

Meteriozm (ichaklarda yel toʻplanishi)ning oldini olish uchun  arpabodiyon urugʻidan damlama ichish xalq tabobatida keng qoʻllanilgan. Buning uchun bir choy qoshiq urugʻ yarim litrlik choynakka solib, choy oʻrnida damlanadi. Uni kechqurun damlab qoʻyib, ertalab och qoringa koʻngil tusagunicha ichish lozim. Shifobaxsh arpabodiyon urugʻi, shuningdek, ona sutini ham koʻpaytiradi va goʻdakning ichi dam boʻlishining oldini oladi.

Qabziyatda xalq tabobatida tabiiy surgi hapdorilar qoʻllaniladi. Makkai sano oʻsimligi (dorixonalarda sotiladi) xona haroratida turgan qatiq yoki tvorog zardobini och qoringa ichish ham ichni suradi. Nahorda gazsiz mineral suv ichish, ichni tozalaydi.

Har qanday surgi vositasidan foydalanishdan uch kun avval, goʻshtli, quyuq va badhazm taomlar tanavul etilmaydi. Uning oʻrniga yengil hazm boʻluvchi, parhez, yorma donli mahsulotlar (grechixa), suli (perlovka), yasmiq (chechevitsa)dan parhezli ovqatlar va salatlar isteʼmol qiling. Surgi nafaqat ichaklardagi xiltlarni tozalaydi. U qonning tarkibini ham yaxshilaydi. Yuzdagi dogʻlarni yoʻqotadi hamda terini yoshartiradi.

Koʻklam faslida organizmdagi vitaminlar va makro hamda mikroelimentlar zahirasi kamayganda azaldan ota-bobolarimiz, momolarimiz yorma va undirilgan bugʻdoydan halim, sumalak kabi taomlar tayyorlashgan. Turli xil donlardan goʻjalar pishirishgan. Dasturxonlarga turli bahoriy koʻklardan taomlar tortilgan. Ushbu taomlar ham koni foyda.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi  

Yoyish

2 Mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.