Rozmarin sugʻoriladigan boʻz tuproqli yerlarda issiq va sovuqqa moslashuvchan efir moylariga boy buta oʻsimlik. Barglari choʻziq, toʻmtoq uchli bargning ostki qismi dagʻal tukchalar bilan qoplangan. Mevasi yongʻoqcha shaklida.
Oʻsimlik qish mavsumida ham barglarini toʻkmasligi va oʻziga xos hid tarqatib turishini hisobga olgan holda u park va xiyobonlar, hovli va dam olish maskanlarida manzarali buta sifatida oʻstiriladi. Biroq uning foydali xususiyatlari ham biser.
Efir moylari rozmarin oʻsimligining hamma qismlarida (ayniqsa yosh poya va gullarida uning miqdori 1,2% gacha) saqlanadi. Efir moyi oʻz tarkibida 50% pinen, kamfen, sineol, barneol va kamfora saqlanganligi sababli ulardan parfyumeria sanoatida, dorivor va insektatsiya preparatlari tayyorlashda foydalaniladi.
Xalq tabobatida oʻsimlikning yer ustki barglari va yosh poyalaridan tayyorlangan damlama va spirtdagi eritmalari (nastoykasi) bosh ogʻrigʻi, oshqozon – ichak kasalliklari, shamollashda, ayollarda uchraydigan ayrim xastaliklarni davolashda ijobiy naf beradi. Shu bilan birga organizmni tetiklashtirib, quvvat bagʻishlash xususiyatiga ham ega.
Barglari oʻziga xos hid va taʼm berganligi sababli rozmarin goʻshtli mahsulotlarni pishirishda va ularni uzoq vaqt saqlashda ziravor sifatida ham qoʻllaniladi.
Konditer mahsulotlariga qoʻshib tayyorlanganda oʻziga xos taʼm va maza beradi.
Sh. Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi