Samarqandda qutirish belgilari bilan vafot etgan 9 yoshli bola yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi hisobot berdi

0
515
marta koʻrilgan.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida 9 yoshli bolaning qutirish belgilari bilan bogʻliq turli xabarlar tarqaldi. Ushbu xabar yuzasidan Respublika davlat sanitariya epidemiologiya markazi epidemilogik surishtiruv ishlarini olib bordi, deb hisobot beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Maʼlum boʻlishicha, shu yilning 4 iyun kuni Samarqand tuman, “Ravanak” mahallasida istiqomat qiluvchi 2010 yilda tugʻilgan K.Mni hududda nomaʼlum oq rangli kichkina it uyi oldida oʻng qoʻl bilak sohasini yuzaki tirnab, tan jarohati yetkazgan. Holatdan xabar topgan bemorning onasi unga zudlik bilan mahalliy usulda xoʻjalik kir sovuni bilan jarohat joyini yuvib, tibbiyot etil spirti yordamida birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan. Ammo uning ota-onalari jarohatga loqaydlik bilan qarab, profilaktika maqsadida tez tibbiy yordamga yoki hududga yaqin boʻlgan davolash muassasiga murojaat etmagan.

Natijada oradan qariyb 23 kun oʻtib bolada tana haroratining koʻtarilishi, bir necha marotaba qayt qilish, suv ichganda yutina olmaslik, tez-tez sovuq qotish hamda kuchli diareya belgilari kuzatila boshlangan. Ertasi kuni ushbu alomatlar yanada zoʻrayib, bemor ahvoli ogʻirlashib qolgan. 29 iyun kuni Samarqand tuman markaziy poliklinikasi infeksionisti tomonidan tekshirilganda, unda qutirish belgilari aniqlanadi va u shu zahotiyoq tez tibbiy yordam mashinasida viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga yuboriladi.

U yerda bolaga shifoxona maslahat guruhi (bosh shifokor, bosh shifokor oʻrinbosari, qabul boʻlimi mudiri, radiolog, epidemiolog) tomonidan nomaʼlum itdan jarohat olganligi sabab qutirish kasalligi belgilari bilan “A 82.0 ga gumon” tashxisi qoʻyilgan.

Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining bir guruh malakali mutaxassislari tomonidan bemor uchun barcha zarur davo choralari qoʻllanilgan. Ammo shifokorlarimizning shuncha urinishlariga qaramay, jarohatga loqaydlik bilan munosabatda boʻlinganligi va ogʻir darajaga kelib qolganligi sabab bemor hayoti saqlab qolinmadi.

Ayni paytda M.K.ning patologoanotomik organlaridan namuna olinib, ixtisoslashgan laboratoriyada tekshiruvlar oʻtkazilmoqda.

Hozirda viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan hududda epidemiologik va epizootologik tadbirlarni tashkil etish maqsadida viloyat vetenariya boshqarmasi bilan ishchi guruhi tuzilib, “Ravanak” mahallasi aholisi nazoratga olindi va zarur tadbirlar belgilandi. Natijada, hudud aholisi va hayvonlar oʻrtasida kasallik belgilari aniqlanmadi.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.