Ayni kunda bolalar oʻrtasida shamollash koʻpayganligi, koronavirus ham shamollashning bir turi ekanligi haqida gapirilmoqda. Kasallikni tuzatishdan koʻra oldini olishga eʼtibor berish katta ahamiyatga ega. Buning uchun taomnomaga alohida eʼtibor berish kerak. Tarkibida S vitamini bor mahsulotlar shamollashning oldini olishini yaxshi bilish zarur.
Darhaqiqat, S vitamini taqchilligi immunitetni pasaytirishi mumkin. Immunitet pasaysa, kasalga chalinish osonlashadi. Shu sababli shamollamaslik uchun uning miqdorini meʼyorida ushlab turish lozim.
S vitamini uglevod, oqsil va minerallar almashinuvida, organizmdagi oksidlanish-qaytarilish jarayonlarida va qon hosil boʻlishida ishtirok etadi. S vitamini organizmning infeksiyalarga chidamliligini oshiradi va toʻqimalar hamda hujayralarning oʻsishiga yordam beradi. Shuningdek, mayda qon tomir (kapillyar)larning devorini mustahkamlaydi. Bu vitamin meva-sabzavotlar tarkibida koʻp boʻladi. S vitamini yorugʻlik va qaynash jarayonida tez parchalanib ketgani bois mahsulotlarni toʻgʻri saqlash va pishirish ham kattamuhim ahamiyatga ega.
Aksariyat odamlar sitrus mevalarni S vitaminiga boy mahsulotlar deb bilishadi. Aslida bunday emas. S vitamini bulgʻor qalampiri, achchiq koʻk qalampir va tuzlangan karamda ancha koʻproqdir. Ularda apelsindan koʻra 10 marta koʻproq S vitamini bor, deb yozishadi parhezshunos olimlar.
Shuningdek, sitrus mevalardan tashqari naʼmatakda, chakanda moyi (oblepixa)da, rangli karamda, yashil noʻxotda, loviyada, trupda, kivi va qizil rangli mahsulotlarda ham S vitamini mavjud.
Sarimsoq eng koʻp tarqalgan dorivor oʻsimlik. Bundan tashqari sarimsoq kaliy, magniy, fosfor, kalsiy, yod minerallariga va sink, marganets, selen mikroelementlariga boy. Kuniga 2 boʻlakcha sarimsoq shamollashni unutish uchun kifoya.
Bu noz-neʼmatlar pishirish jarayonida foydali xususiyatlarini yoʻqotadi. Shuning uchun iloji boricha xom holatida isteʼmol qilish foydalidir.
Immunitetni qoʻllab-quvvatlash uchun yongʻoq, javdar unidan tayyorlangan non, tuxumning sarigʻini isteʼmol qilish ham koni foyda. Ular Ye vitaminiga boy boʻladi. Rux moddasi saqlovchi mahsulotlar ham shamollashimizga yoʻl qoʻymaydi.
Ertalab 30 gramm yongʻoq – bu yetarli miqdordir. Bu miqdorda mikroelementlar va foydali yogʻlar yetarli boʻladi va xavfsiz kaloriya hisoblanadi.
Yogʻli ovqatlar, konservalangan, marinadlangan mahsulotlar, qahva, spirtli ichimliklardan esa voz kechishga toʻgʻri keladi. Organizm yuqori kaloriyali ovqatni hazm qilishda koʻproq energiya sarflaydi, spirtli ichimliklar esa foydali komponentlarning oʻzlashtirilishini sekinlashtiradi.
Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.