Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 yanvardagi farmoyishiga asosan koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Mazkur kommissiyaning kecha boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida Xitoydagi fuqarolarimizni yurtimizga qaytarish bilan bogʻliq dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Unda Oʻzbekiston fuqarolarini Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelish uchun charter reyslar tashkil etilib, dastlabki charter reyslar 4-5 fevral kunlari amalga oshirilishi taʼkidlandi. Shunga koʻra, bugun birinchi charter reys Pekin shahridan kelishi kutilmoqda. Yoʻlovchilar maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi.
– Mazkur muassasalar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida toʻliq xalqaro karantin talablari asosida jihozlangan, – deydi Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zahiralari yaratilgan, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan.
Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida boʻlib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish bilan bir qatorda barcha zarur xavfsizlik choralari koʻriladi. Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlangan.
Charter reyslarga Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy tekshirish institutining yuqumli kasalliklar boʻyicha mutaxassis va epidemiologlari shaxsiy himoya vositalarida hamrohlik qilishadi. Ular tomonidan evakuatsiya qilingan yoʻlovchilar samolyotga chiqish paytida dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Lozim boʻlganda zarur tibbiy yordam koʻrsatish va parvoz paytida biologik xavfsizlikni taʼminlash uchun barcha zarur vositalar taqdim etiladi. Mazkur samolyotlarda Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi buyurtmasiga asosan mamlakatda qolib, faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan hamyurtlarimizga zarur antiseptik va dezinfeksiya vositalari yetkaziladi hamda bepul beriladi.
Xitoydan kelgan fuqarolarimiz ushbu kasallikni yashirin davrida, yaʼni 14 kun davomida qatʼiy karantinga olinadi. Xalqaro sanitariya — epedimiologiya mezon va talablaridan kelib chiqib, barcha xavfsizlik choralari qoʻrilgan. Shuning uchun ham Sogʻliqni saqlash vazirligi aholiga bundan ortiqcha sarosimaga tushishning hojati yoʻqligini yana bir bor eslatib oʻtadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi