Sogʻlom oila nikohdan boshlanadi

0
909
marta koʻrilgan.

 Nikoh rasmiy, qonunlar asosida oʻtkazilgandagina haqiqiy hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksida nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish (FXDYo) organlarida tuzilishi lozimligi koʻrsatilgan. Nikoh yoshi erkaklar uchun 18, ayollar uchun esa 17 yosh deb belgilangan.

 Ammo, bu yoshda turmush qurish xavfli hisoblanadi. Qizu yigit  bu yoshda jismonan, ruhan, ijtimoiy-iqtisodiy tomondan tayyor emasligi, shuningdek, oilaviy vazifalarga, kelin-kuyovlik, onalik,  otalik masʼuliyatlariga tayyor emasligini hisobga olib turmushga chiqish yoshini qizlar uchun 20-22 yosh, yigitlar uchun 23-25 yosh deb belgilangani maʼqul edi, aslida.

Afsuski, ayrim ota-onalar oʻz orzu-havaslarini ustun qoʻyib farzandlarini erta nikohga oʻz qoʻllari bilan topshiradilar. Erta nikoh erta homiladorlikka olib kelishi, erta homiladorlik esa ogʻir kechishi, tugʻrugʻ jarayonida ona va bolaning sogʻligʻi xavf ostida qolishi mumkin. Men buni deyarli oʻttiz besh yillik genikologlik tajribamdan kelib chiqib aytyapman.

Shuningdek, koʻpincha erta homiladorlikda tugʻruq davrida va tuqqandan keyin turli xil asoratlar kuzatiladi.  Oʻsmir qizlarda homilaning rivojlanishi ogʻir kechadi, jumladan, homilaning vazni kam, koʻp holatlarda chala yoki oʻlik, nuqsonli va turli xil kasalliklar bilan tugʻiladi. Oʻsmir qizlar erta homilador boʻlganlarida ruhiy holatlari oʻzgaruvchan, tushkun kayfiyatlilik tez-tez uchrab turadi.

Sogʻlom oila vujudga kelishiga monelik qiladigan, irsiy kasalliklarga sabab boʻladigan, salbiy urf-odatlardan yana biri – yaqin qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikohdir. Aqli zaif, kar-soqov va boshqa jismoniy nuqsonlar bilan tugʻiladigan bolalar asosan yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikohlangan oilalarda kuzatiladi. Qarindosh ota-onalardan nogiron bolalar tugʻilishi boshqa sabablarga nisbatan ikki barobar oshadi. Oʻzbekistonda qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarni foizi ham kam emas.

Aziz ota-onalar! Erta turmush qurish va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohning salbiy oqibatlariga beeʼtiborlik qilmaylik! Yoshlarning erta oila qurishlariga yoʻl qoʻyib, ularning sogʻligiga, umriga va baxtiga zomin boʻlmang!

Zero, har tomonlama sogʻlom farzandgina xonadonlarimizga quvonch va baxt- saodat olib kelishi bilan birga jamiyatimizning, elu yurtimizning munosib tayanchi boʻlishiga intilaylik!

 Iroda Bekchanova, Toshkent shahar  1-tugʻruq kompleksi vrachi

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.