Sut mahsulotlarining foydasi

0
550
marta koʻrilgan.

Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino oʻz asarida sut mahsulotlarini isteʼmol qilish uzoq yashashning garovi ekanligi haqida aytib oʻtgan.

Alloma tuya, echki, biya va sigir sutlari foydasini keng tushuntirgan.  Rus olimi Mechnikov esa buning haqiqat ekanligini oʻtgan asrdayoq isbotlab bergandi. Oʻshanda laktobatsillalar bilan ivitilgan sut mahsulotlari «Mechnikov qatigʻi» deb atalgandi.

Bizning davrimizda ham yogurt tayyorlash uchun tomizgʻi sifatida bulgʻor tayoqchalari va termofil streptokokklardan foydalaniladi. Sut qatiq zamburugʻi yordamida ivitilganda chuchuk qatiq – kefir hosil boʻladi.

Nonushtaga tanovvul qilingan xushtaʼm tvorog yoki yogurt badanga quvvat bagʻishlaydi va modda almashinuvini yaxshilaydi. Suzma esa ichaklarga koni foyda. Ovqat hazm qilinishiga yordam beradi. Hatto, uning zardobi ham ichaklarni tozalashda qadimdan ishlatiladi.

Oshqozon va ichaklar tozalanganidan keyin  albatta koʻpgina kasalliklardan forigʻ boʻlish mumkin. Xalq tabobatida suzma zardobi organizmni tozalashda keng foydalanilgan.

Ayni vaqtda esa baʼzi sut va qatiq mahsulotlariga probiotik shtammlar qoʻshila boshlandi. Probiotik soʻzi tarjima qilinganda «hayot uchun» degan maʼnoni bildiradi. U bilan boyitilgan mahsulotlar ovqat hazm boʻlishini yaxshilaydi. Ichaklarni toksin (zahar)lardan tozalaydi, ozishga koʻmaklashadi.

Ular hayotiy quvvatni oshiradi, qondagi xolesterin va qand moddasini kamaytiradi, buyrakda tosh paydo boʻlishiga toʻsqinlik qiladi va yurak faoliyatiga ham ijobiy taʼsir etadi.

Oʻzimiz tayyorlagan suzma va undan tayyorlangan qurut suyaklarni, tishlarni mustahkamlaydi. Uning tarkibidagi kalsiy koni foyda.

Qatiqqa shirin  mevalar, ozgina mevali murobbolar  qoʻshib berilsa, qoʻlbola yogurt boʻladi va bolajonlar ishtaha bilan ichishadi. 

Yoz ayyomida qatiq issiqni taftini ham oladi. Oftob urishidan asraydi. Bolajonlarga uxlashdan avval, albatta, qatiq ichirib uxlating. Ichaklarni tozalash bilan birga osuda oromni ham taʼminlaydi.

 Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.