Bolalarga meva sharbatlarini berish koni foyda. Sabzavot-u mevalarning sharbatlarini goʻdak hayotining birinchi yilida ham oz-ozdan muntazam berib turish organizmni vitaminlar bilan taʼminlaydi.
Oʻrik sharbati – qon hosil boʻlishini faol ragʻbatlantiradi, oʻt haydovchi, issiqni tushiruvchi, ichni yumshatuvchi xossalarga ega. Koʻrish qobiliyati, yurak-qon tomirlar tizimi va meʼda-ichak yoʻli faoliyatini yaxshilaydi.
Olcha sharbati – kamqonlikda, oʻpka, jigar kasalliklarida, ich qotishlarida shifobaxsh taʼsirga ega, dizenteriya (ichburugʻ) va yiringli infeksiya qoʻzgʻatuvchilari boʻlgan stafilokokklar va streptokokklarga halokatli taʼsir qiladi.
Anor sharbati – undan gastrit(meʼda shilliq qavatining yalligʻlanishi), singa kasalligi, kamqonlikda foydalaniladi. Yurak-qon tomirlari tizimi ishini yaxshilaydi. Oʻzining umumiy quvvat bagʻishlovchi taʼsiri bilan foydali, biogen stimulyator hisoblanadi va meʼda osti bezi kasalliklarida davo boʻladi. Ichni qotirish xususiyatiga ega.
Behi sharbati – qon hosil boʻlishini faol ragʻbatlantiradi. Nafas aʼzolari kasalliklarida qoʻllaniladi.
Olxoʻri sharbati – viruslarga qarshi tabiiy dori vositasi hisoblanadi. Yurak-qon tomirlar tizimini yaxshilaydi, surgi sifatida qoʻllaniladi.
Sabzi sharbati – ishtahani, hazm tizimi faoliyatini, koʻrishni yaxshilaydi, tishlarni, asab tizimini mustahkam qiladi, immunitetni oshiradi. Infeksiyaga qarshi antioksidant hisoblanadi.
Oshqovoq sharbati – jigar, buyraklar, qovuq kasalliklari, kamqonlikda, moddalar almashinuvi buzilganda, semizlikda, qandli diabetda, ichak sanchiqlarida foydali.
Olma sharbati – pektinga boy, organizmdagi zaharli moddalarni soʻrib olishda adsorbent kabi taʼsir qiladi. Organizmni buyrak toshlaridan forigʻ qiladi. Nafas aʼzolari ishini yaxshilaydi, yurak-qon tomirlar tizimini mustahkamlaydi.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi