Kuz-qish fasli shamollashlar mavsumi hisoblanadi. Ushbu davrda immuniteti yuqori boʻlganlar kasallikka chalinmaydi. Shamollaganda ham tezda sogʻligʻini tiklab oladi. Xoʻsh, immunitetni qanday koʻtarish mumkin? Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi shu mavzuda Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova bilan suhbatlashdi.
— Qanday meva-sabzavotlar immunitetni koʻtaradi?
— Yorqin rangdagi meva va sabzavotlar: pomidor, apelsin, lavlagi, baqlajon va tarvuz immunitetni mustahkamlaydi. Bu mahsulotlarni faol isteʼmol qilish bilan bir haftadan keyin ijobiy natijaga erishish mumkin. Qolaversa, sarimsoq, zanjabil va turli xildagi foydali giyohlar bakteriya va viruslarga qarshi kurashish xususiyatiga ega. Ular ortiqcha vazndan ham xalos etadi.
Shamollashga uchramaslikning yana bir usuli yangi meva va sabzavot sharbatlarini ichishdir. Ular immunitetni mustahkamlashga yordam beruvchi, asab tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi magniyga boydir.
— Koʻpchilik sitrus mevalarni foydali deb hisoblamaydi, shu toʻgʻrimi?
— Bu fikr notoʻgʻri. sitrus mevalar: apelsin, limon va mandarinlar C vitaminning koni hisoblanadi. Biroq, ushbu mevalarsiz ham organizmni C ga toʻyintirish mumkin. Oʻzimizda yetishtiriladigan bulgʻor qalampiri, qulupnay va karam mahsulotlari C vitaminiga boy. Rezavor mevalar, masalan, qizil va qora qoraqat (smorodina) organizmning barcha himoya kuchlarini faollashtiradi. Maymunjon immun va asab tizimini mustahkamlaydi. Malina yalligʻlanishga qarshi kurashish xususiyatga ega.
Shuni taʼkidlash lozimki, reza mevalardan tayyorlangan murabbo va qiyomlar ularning foydali xususiyatlarini saqlab qoladi. Shu sababli, kuz va qish fasllarida ham mevalardan shu yoʻl bilan bahramand boʻlish mumkin.
— Sarimsoq foydali ekani koʻp tilga olinadi. Immunitetni koʻtarishda ham bu mahsulot foydalimi?
— Immunitetni mavsumga tayyorlash uchun organizmni chiniqtirish ham muhim ahamiyatga ega. Jismoniy faol boʻlish, toza havoda sayr qilish va toʻgʻri ovqatlanish talab etiladi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham immunitetni kuchaytirish xususiyatiga ega.
Sarimsoq viruslar va zararli bakteriyalar koʻpayishining oldini oladi. Shifokorlar har kuni hech boʻlmaganda bir boʻlak yangi sarimsoqni isteʼmol qilishni maslahat beradilar. Uni mayda toʻgʻrab tayyor ovqatga yoki salatlarga qoʻshish ham mumkin. Xonadonda likopchalarga kesilgan sarimsoqdan qoʻyib chiqilsa, xuddi ingalyasiya kabi taʼsir koʻrsatadi.
— Immunitetni koʻtarishda koʻkatlarning koʻproq isteʼmol qilish muhimmi?
— Selderey, kashnich, ukrop, petrushka, salat bargi kabilar bakteriyalarga qiron keltiruvchi yoki ularning koʻpayishiga toʻsqinlik qiluvchi faol moddalar — fitonsidlar va oʻsimlik kletchatkasi miqdori juda koʻp. Yangi piyoz va sarimsoq salomatlikni mustahkamlaydigan va immunitetni koʻtarishga yordam beradigan bebaho mahsulotlar sanaladi.
Agar har kuni piyoz isteʼmol qilinsa, tez orada immunitet koʻtariladi. Organizm esa zamburugʻ, bakteriya yoki virus bilan zararlanishdan himoyalanadi. Piyoz shamollashga qarshi samara koʻrsatadi, organizmni toksin va shlaklardan tozalaydi. Shuningdek, aʼzolar va toʻqimalarda qon aylanishini yaxshilaydi, teran fikrlashga va xotirani mustahkamlashga yordam beradi. Piyozni taomnomaga kiritganda va u doimiy ravishda isteʼmol qilinganda stress asoratlarining oldini oladi, depressiya va nerv tizimi faoliyati buzilishidan himoya qiladi.
Jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish immunitetimizni tushib ketishiga tusqinlik qiladi. Doimo oʻzimizni tetik va bardam his qilishimizni taʼminlaydi. Vitaminlarga boy meva va sabzovatlarning dasturxonimizdan doimo joy olishi immunitetimizni koʻtarilishi hamda kasal boʻlmasligimizni taʼminlashi shubhasiz.