TOMIR TORTISHI QANDAY KASALLIKDAN DARAK BERADI?

1
4359
marta koʻrilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, yer yuzi aholisining 80 foizi oyoq tomir tortishishining u yoki bu turidan qiynaladi. Bu holat mutlaqo sogʻlom insonlarda ham kuzatiladi. Xoʻsh tomir tortishi biror kasallikdan darak beradimi? Bu holatning kelib chiqish sababi va oqibatlari qanday? Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova javob beradi.

— Tomir tortishining asosiy sabablari nima?

— Tibbiyotda mushaklar tonusining oshishi oyoq tortishishi deyiladi. Bu noxush holat beixtiyor yuz beradi va 10-15 soniya davom etadi. Ushbu tasodifiy ogʻriqlar mushaklar zoʻriqishi bilan bogʻliq boʻlib, organizmda minerallarning, birinchi navbatda, kaliy, kalsiy, magniy hamda bir qator vitaminlar yetishmasligidan boʻlishi mumkin.

Mutaxassislar tomir tortishishini asab zoʻriqishi, kamharakatlilik, muntazam oʻtirib ishlash, uzoq muddat tik oyoqda turish yoki suvda suzish, organizmning suvsizlanishi va turli xil kasalliklar bilan ham bogʻlashadi.

— Tomir tortishi insult yoki infarktni kelib chiqarishi mumkinmi?

— Tomir tortishishi, asosan, 40-50 yoshdagi insonlarda koʻproq kuzatiladi. Ular tanasidagi xolesterin miqdorini tez-tez tekshirtirib turishi kerak. Chunki qon tomirlari devorida xolesterin moddasining koʻpayib ketishi oqibatida qon yurishi birmuncha qiyinlashadi. Shundan keyin tez-tez qoʻl va oyoq uvushishi kuzatiladi.

Agar vaqtida oldi olinmasa, insult yoki infarkt kelib chiqishi mumkin. Yoshlarda bu holat, asosan, tanada qon yaxshi aylanmasligi sababli yuzaga keladi. Turli jismoniy mashqlar yordamida bu muammoni hal qilish mumkin.

Tomir tortishishining ikki xil koʻrinishi farqlanadi. Birinchisi, keskin va qisqa fursat davom etib, tibbiyotda klonik tomir tortishishi deyiladi. Ikkinchisi esa buning aksi, bezovtalik dabdurustdan boshlansada, spazm bir necha daqiqalarga choʻzilishi mumkin. Shifokorlar bu holatni tomir tortishishining tonik turi, deya tasniflaydilar.

Har ikkala holatning kelib chiqishi infeksion kasalliklar, oziq mahsulotlari, (dori vositalari)dan zaharlanish, bosh miya jarohatlari, nevroz, moddalar almashinuvining buzilishi, yurak va qon xastaliklariga bogʻliq.

— Infeksiyalarning ham taʼsiri bormi?

Ahamiyat bergan boʻlsangiz, tana harorati koʻtarilganida oyoq-qoʻllarda yengil titroq yuzaga keladi. Termometr koʻrsatkichlari +39 +40 S darajaga yetganida esa oyoq va qoʻl tomirlarida tortishish kelib chiqishi mumkin. Bunga kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblarning “qoʻli baland” kelayotgani sabab boʻladi. Isitma tushiruvchi preparat qabul qilingach, mushaklar asta boʻshashadi.

Shuningdek, inson biror voqea-hodisadan qattiq taʼsirlansa, qonda adrenalin miqdorining ortishi nafas olish maromining tezlashishiga olib keladi. Organizmga kislorod kelib tushishi oʻzgargach, karbonat angidrid darajasi ham pasayadi va oyoq tomirida spazm kelib chiqadi.

— Tomir tortishi yana qanday kasalliklar alomati hisoblanadi?

— Oyoq tortishishi baʼzi surunkali kasalliklar belgisi ham boʻlishi mumkin. Tibbiyot amaliyotida kuzatilishicha, baʼzi bir qon tomir kasalliklari, umurtqa pogʻonasi boʻgʻimlarida tuz yigʻilganda, asab tizimi, tayanch-harakat muammolari va shunga oʻxshash xastaliklarda tomir tortishishi kuzatiladi.

Eʼtibor berish kerakki, barcha mushaklarning birdan qisqarishi nihoyatda xavfli holatdir! Bun-da tanadagi barcha mushaklar bir vaqtning oʻzida tortishib, hushdan ketish holatini keltirib chi-qaradi. Oʻz vaqtida birinchi yordam koʻrsatilmasa, oqibati fojiali yakun topishi ham mumkin.

— Sovuq kunlarda sogʻlom odamning ham tomir tortishi mumkin. Bunday hollarda nima qilish kerak?

— Salqin havoda oyoq tomirlari tortishsa, qalinroq paypoq kiying yoki oyoq uchun issiq vanna qabul qiling. Agar odam oʻtirganda, yurganda tomiri tortishib qolsa, bir qoʻl bilan oyoq panjasini yozib, boldir mushaklarini asta-sekin pastga tomon silash tavsiya etiladi.

Agar oyoq ogʻrib, uvishib tomir tortishishi doim takrorlanaversa, qon tomirlar va asab kasalliklari shifokorlariga murojaat qilish lozim.

Kunning issiq paytlarida oyoq boldiriga va panjaga vaqti-vaqti bilan parafin, ozokerit, balchiq qoʻyish foyda beradi. Tunda oyoq va tovon mushaklari tortishmasligi uchun bir hafta davomida ovqatlanishdan oldin kuniga 3 mahal ikki choy qoshiqdan asal isteʼmol qiling.

— Qanday davolash usullari mavjud?

Baʼzilar oyoq tomirida spazm yuzaga kelayotganini oldindan his etadi. Siz ham ular safida boʻlsangiz, ogʻriq qoʻzgʻalayotganini sezgan zahotingiz oyoq mushaklarini boʻshashtiring.

Shunda ham tomir tortishishi kelib chiqsa, oʻtirgan holatda oyoq uchini oʻzingizga qaratib, 2-3 daqiqa ushlab turing. Bezovtalik oʻtib ketmadimi? Oʻrningizdan turingda, asta harakatlaning. Iloji boʻlsa, polda oyoqyalang yuring.

Avvaliga terapevt-shifokor koʻrigidan oʻtishingiz tavsiya etiladi. Shikoyatlaringizdan kelib chiqib, endokrinolog, kardiolog, nefrolog va nevrolog mutaxassislar koʻrigini maslahat beradi.

Bezovtalik sababi somatik patologiyalar bilan bogʻliq boʻlsa, toʻgʻri tanlangan davo choralari tez fursatda muammodan forigʻ etadi. Mabodo tomir tortishishi jiddiy xastaliklar belgisi sifatida aniqlansa, tashxisdan kelib chiqqan holda muolaja qilinadi.

Yoyish

1 mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.