Muntazam ravishda, ayniqsa, stressli holatlarda ovozning boʻgʻilishi qalqonsimon bez faoliyatida muammolar borligidan darak beradi.
Bundan tashqari, ovoz boʻgʻilishiga, yutinishning qiyinlashishi kabi holatlar ham qoʻshilsa, qalqonsimon bezning kattalashganini taxmin qilish mumkin. Koʻpchilik bemorlar bu holatlarni shamollash deb oʻylashadi va eʼtibor berishmaydi. Aksincha bunga alohida eʼtibor berish kerak.
Qalqonsimon bez faoliyatidagi oʻzgarishlar kuchli stress tufayli yoki immunitetning zaiflashishi, oʻsmirlik yoki homiladorlik yoki klimaks davridagi gormonal buzilishlar, surunkali yod yetishmasligi va nurlanish tufayli kelib chiqishi mumkin.
Asabiylashganingizda tovush boʻgʻilishi oʻzingizga ham sezilayotgan boʻlsa, endokrinologga murojaat qiling. Ularning tavsiyasi bilan garmonlar tahlili uchun qon topshirish, albatta ultra tovush tekshiruvidan oʻtish lozim. Shifokorlar zarur tahlillarni oʻtkazib, qalqonsimon bez holatiga baho beradilar. Soʻngra tahlillarga koʻra davo choralari tayinlanadi.
Shoira Bekchanova,
tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach