Tuxum barak

0
5115
marta koʻrilgan.

Qadimiy Xorazm taomi – tuxum barak parxez ovqat hisoblanib, insonning hazm faoliyatini yaxshilaydi. Oqsilga boy neʼmat boʻlgani uchun qonni koʻpaytirishga ham taʼsir qiladi.

Xamirni tayyorlash: 250 gramm sovuq suvga tuxum solinadi, bir choy qoshiq tuz va keraklicha un aralashtirgan holda qattiq xamir qoriladi. Dumaloq holga keltirib 10-15 daqiqa tindiriladi.

Qiyma tayyorlash: Xamir qorilgach, laganchaga tuxumlarni chaqib aralashtiriladi. Aloxida idishda sut va oʻsimlik moyini ham aralashtiriladi. Ikkalasini bir idishga solib, unga tuz va tabga koʻra ziravorlarni qoʻshib yana aralashtiramiz.

Qozonga suv toʻldirib, olovga qoʻyamiz, suv qaynaganidan soʻng tuz solinadi.

Xamirni pishirishga tayyorlash:  Tindirilgan xamirni 1, 5-2mm qalinlikda katta qilib yoyamiz va kerakli shaklda kesamiz. Yoki tama qilib, kichik yongʻoqdek kesamiz, soʻngra dumaloq qilib, juvada yoyiladi. Sovuq, shoʻr suv yordamida xamirning yon atrofi mahkam yopishtirilib, xaltacha yasaladi. Qolgan barcha harakatlar suv qaynayotgan qozon yoniga koʻchiriladi.

Osh qoshiq yordamida qiymani xamir xaltacha ichiga solamiz ochiq qismini ham biriktirib, uni qaynab turgan suvga solinadi. U 3-4 daqiqa qaynatilgandan soʻng laganga olamiz va bir-biriga yopishib qolmasligi uchun oldindan tayyorlangan saryogʻni surtamiz. Baxor va yozda qiymasiga  turli xil koʻkatlar aralashtirish mumkin. Koʻkatlar hazmni yanada yaxshilaydi. Qon bosimini tushiradi.

Tuxum barak uchun kerakli masalliqlar:

Xamiriga: Oliy nav un – 500 – 600 gr, tuxum – 1 dona,  suv – 250 ml.

Qiymasiga: Tuxum – 10 dona, oʻsimlik moyi – bir tuxumga bir osh qoshiq,  sut ham bir tuxumga ikki yoki bir osh qoshiq, tuz – tabga koʻra.

Shoira Bekchanova, vrach

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.