Tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino oʻz davrida-yoq sut va qatiq mahsulotlarini isteʼmol qilish uzoq yashashning garovi ekanligini yozgan edi.
Rus olimi Mechnikov esa buning haqiqat ekanligini oʻtgan asrdayoq qayta isbotlab bergandi. Oʻshanda laktobatsillalar bilan ivitilgan sut mahsulotlari “Mechnikov qatigʻi” deb atalgandi. Bizning davrimizda mashhur boʻlgan yogurt tayyorlash uchun tomizgʻi sifatida bulgʻor tayoqchalari va termofil streptokokklardan foydalaniladi. Sut qatiq zamburugʻi yordamida ivitilganda chuchuk qatiq – kefir hosil boʻladi.
Ayni vaqtda esa baʼzi sut va qatiq mahsulotlariga probiotik shtammlar qoʻshila boshlandi. Probiotik soʻzi tarjima qilinganda “hayot uchun” degan maʼnoni bildiradi. U bilan boyitilgan mahsulotlar ovqat hazm boʻlishini yaxshilaydi. Ichaklarni toksin (zahar)lardan tozalaydi, ozishga koʻmaklashadi. Ular hayotiy quvvatni oshiradi, qondagi xolesterin va qand moddasini kamaytiradi, buyrakda tosh paydo boʻlishiga toʻsqinlik qiladi va yurak faoliyatiga ham ijobiy taʼsir etadi…
Nonushtaga tanovvul qilingan xushtaʼm tvorog yoki yogurt quvvat bilan taʼminlaydi va modda almashinuvini yaxshilaydi. Uyda oʻzingiz uvitgan qatiqqa maymunjon, olcha, qoraqat kabi mevalarning murabbosidan biroz aralashtirib, bolangizga bersangiz uni ishtaha bilan isteʼmol qiladi. Tvorogni xush koʻrmaydigan bolalarga meva yoki murabbolar qoʻshib, tayyorlab berish maqsadga muvaofiq boʻladi.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi