V guruhiga kiruvchi vitaminlarning foydali xususiyatlari va qaysi neʼmatlarda moʻlligi haqida

0
3233
marta koʻrilgan.

Vitaminlar va minerallar  insonning jismoniy va aqliy ish qobiliyatini oshiradi, organizmning turli kasalliklarga chidamliligini kuchaytiradi. Vitaminlar asosan tashqi omillardan — oziq-ovqat mahsulotlari hamda maxsus dori vositalari orqali olinadi.

Suvda eriydigan V vitaminlari esa katta guruhdan iborat boʻlib,  ular oqsillarni, yogʻlarni va uglevodlarni energiyaga aylantiradi. Ushbu guruhga sakkizta vitamin kiradi: B1, B2, B 3, B 5, B 6,  B 9 va B 12, B15. Ularning har birining qoʻshimcha nomi bor: masalan, V9 foliy kislotasi boʻlib, u koʻpincha homiladorlikka tayyorgarlik paytida tavsiya etiladi.

Asosiysi har qanday vitaminni ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish muhimdir. Sizga kerakli darmondorilarni yozgandan keyingina isʼtemol qilish kerak.

V guruhi vitaminlari sutli mahsulotlar, suli, yangi va quritilgan noʻxat, kartoshka, pomidor, goʻsht, buyrak, yurak, jigar,  baliq, tuxum, tovuq goʻshti, yormalar, non, yongʻoq, tvorog, pishloq, sabzi, karam, loviya, qovoq, gulkaram, lavlagi, bodring, apelsin, oʻrik, qoʻziqorin, qovun, kungaboqar urugʻlari, qovoq kabi mahsulotlar tarkibida koʻp  uchraydi. 

V   guruhiga kiruvchi vitaminlarning xususiyatlarini bilib olish ham salomatlik garovidir.

Vitamin B1 (tiamin) — oqsil va uglevod almashinuvini muvozanatga keltiradi. Uning yetishmovchiligi, eng avvalo, asab tizimi faoliyatining oʻzgarishiga, xotira pasayishi, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyati buzilishiga sabab boʻladi. Vitamin V1 yiringli infeksiyalarga qarshi immunitetni hosil qiladi. Ayniqsa, husnbuzarlar, teri qichishishi, eshakemi kasalliklarini davolashda zarurdir.

Vitamin B2 (riboflavin) — hujayralar almashinuvi va terining yuza qatlamidagi jarayonlarni yaxshilash, shuningdek, normal nafas olishga xizmat qiladi. Ushbu vitaminning tanqisligi lab chetlaridagi ogʻriqli yoriqlar, shilliq qatlamlarning yalligʻlanishi, sochlarning toʻkilishi, bosh aylanishiga olib kelishi mumkin. Mazkur vitaminning uzoq vaqt davomida yetishmovchiligida teri shilliqlikni yoʻqotib, qari teri koʻrinishiga kela boshlaydi.

Vitamin B3 (nikotin kislotasi-RR) — teridagi suv almashinuvi, pigmentatsiya jarayonining meʼyorda kechishi unga bogʻliq. Vitamin V3 qon tomirlarini kengaytiradi. Ushbu vitamin yetishmovchiligi teri, oshqozon-ichak va asab tizimi kasalliklariga olib keladi. Shuningdek, nikotin kislotasi qon tarkibidagi qizil qon tanachalari (eritrotsitlar) hosil boʻlishida ham alohida oʻrin tutadi.

Vitamin B5 (pantoten kislotasi) — teri yalligʻlanishining oldini oladi, soch toʻkilishidan himoya qiladi, toʻqimalarga ijobiy taʼsir oʻtkazadi, qarish jarayonini sekinlashtiradi, ichaklarda ovqatning soʻrilishini yaxshilaydi.

Vitamin B6 (piridoksin) — asab tizimi va oqsillar almashinuvi uchun zarur vitamin. Soch toʻkilganda, yuqori qoʻzgʻaluvchanlikda, terining yalligʻlanishida qabul qilinadi. Oziq-ovqat mahsulotlarida piridoksin miqdori uncha koʻp emas, biroq ovqatlanish ratsionini toʻgʻri muvozanatlashtirilsa, u yetarli miqdorda boʻlishi mumkin.

Vitamin V9 (foliy kislotasi) — homiladorlik davrida, embrionning asab hujaylari shakllanishida asosiy vazifani bajaradi. Bundan tashqari, foliy kislotasi muddatidan ilgari tugʻish, chala tugʻilish kabi holatlarning oldini oladi hamda tugʻuruqdan keyingi depressiv holatlarni kamaytiradi. Vitamin V9 yetishmovchiligida tez charchash, bosh ogʻrigʻi, holsizlik, jizzakilik, uyqusizlik, xotiraning pasayishi kuzatiladi.

Vitamin V12 (sianokobalamin) — aqliy va ruhiy rivojlanish, asab tizimi va qon hosil boʻlishida juda kerakli. Mushaklarning meʼyorda rivojlanishida ham ushbu vitaminning oʻrni katta. Uning yetishmovchiligi ogʻir kamqonlikka sabab boʻlishi mumkin.

Vitamin V15 (pangamat kislotasi) — jigar uchun zarur boʻlgan vitaminlardan biridir. U toʻqimalarning kislorod bilan oziqlanish jarayonini yengillashtiradi. Neytrallashtirish tarzida taʼsir etib, qichishishni kamaytiradi, qarish jarayonini sekinlashtiradi, organizmda xolesterin miqdorini kamaytiradi.

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.