Vitaminlar haqida maʼlumotga egamisiz?

0
214
marta koʻrilgan.

Ushbu sarlavha bilan berilgan 15.01.2018 yil sanasidagi   maqolamizni 24 318 kishi oʻqibdi. Demak bu mavzu koʻpchilikni qiziqtiradi.  Darhaqiqat, ushbu maqoladagi maʼlumotlar barchaga birdek kerakli va salomatlik garovidir. Shuning uchun ushbu mavzuni yana qayta chop etishni maʼqul koʻrdik…. Shuni taʼkidlashimiz kerak-ki, bu anʼanani biz ikki yildan buyon davom ettirib kelyapmiz.  Koʻp oʻqilgan maqolalarni qayta chop etib boramiz.

Bemorning organizmi faoliyatida vitaminlarning oʻrni katta ahamiyatga ega. Farzandlarimiz kasal boʻlib qolganida  asosiy davolashdan tashqari, albatta, vitaminlar ham tavsiya qilinadi.

A, V, S, RR, … kabi vitaminlar guruhi borligini bilamiz. Biroq bu darmondorilar qanday ahamiyatga egaligi va u qaysi mahsulotlarda mavjudligi haqida hammamiz ham tushunchaga ega emasmiz. Quyida ushbu darmondorilar toʻgʻrisida maʼlumot beramiz.

A vitamini bolaning oʻsishiga taʼsir qiladi. Organizmning infeksiyalarga qarshi chidamligini oshiradi. Terini va shilliq pardalarni normal holatda tutib turadi. Moddalar almashinuvida, xususan, yogʻ almashinuvida qatnashadi. A vitamini organizmga yetarli miqdorda tushib turmasa infeksiyalarga qarshi chidamlilik susayib ketadi. Teri va shilliq pardalar quruq boʻlib qoladi. Koʻzning quvvati pasayadi. Bu vitamin baliq moyida, sariyogʻda, tuxum sarigʻida, sutda koʻp boʻladi. Oʻsimlik mahsulotlari (pomidor, sabzi, apelsin va boshqalar)da karotin bor. U organizmda vitamin A ga aylanadi.

D vitamini (kalsiferol) organizmda kalsiy va fosforning almashinuviga yordam beradi. Shuningdek, suyak toʻqimasining shakllanishiga va ijobiy oʻsishiga taʼsir qiladi. Bu vitamin raxitning oldini olish va davolashda qoʻllaniladi. D vitamini baliq moyi, jigar, goʻsht mahsulotlari, tuxum sarigʻida mavjud.

V1 vitamini (tiamin) markaziy asab tizimi faoliyati va uglevod almashinuvida qatnashadi. U sut, tuxum sariyogʻ, goʻsht, jigar, non, suli yormasi va noʻxat kabi mahsulotlar tarkibida uchraydi.

V2 vitamini oqsil va uglevod almashinuvida muhim rol oʻynaydi. Bu vitamin ovqatning meʼda-ichak tizimida yaxshi hazm boʻlishiga yordam beradi. Organizmning oʻsishi va rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega. Uning organizmga yetarli miqdorda tushib turmasligi natijasida vazn kamayib, behollik kuzatiladi. Koʻz shilliq pardalarida oʻzgarish paydo boʻlishi, teri kasalliklari yuzaga kelishi mumkin. V2 vitamining eng muhim manbalari – sut, pishloq, tvorog, tuxum, goʻsht va non hisoblanadi.

V6 vitamini V guruhidagi boshqa vitaminlar bilan bir qatorda oqsil almashinuvida qatnashadi. Asab tizimi faoliyatiga va qon yaratilishiga ijobiy taʼsir qiladi. Organizmga V6 vitamini yetarli darajada tushib turmasa jahldorlik, holsizlik, terining zararlanishi kuzatiladi. Bu vitamin goʻsht, jigar, baliq, tuxum sarigʻi, meva-sabzavot mahsulotlari tarkibida uchraydi.

RR vitamini hujayralar almashinuvi jarayonida muhim rol oʻynaydi. Organizmning oksidlanish jarayonlarida qatnashadi. Tomir tarangligi va qon hosil boʻlishiga ijobiy taʼsir qiladi. RR vitamini goʻsht, sut, buyrak, jigar, non, kartoshka, grechixa yormasida boʻladi.

V12 vitamini oqsil almashinuvida qatnashadi. Organizmning oʻsish va rivojlanishiga ijobiy taʼsir etadi. Qon hosil boʻlishida juda katta ahamiyatga ega. V12 vitamini sut, pishloq, goʻsht, jigar, buyrak, tuxum sarigʻi tarkibida mavjud.

S vitamini uglevod, oqsil va minerallar almashinuvida, organizmdagi oksidlanish-qaytarilish jarayonlarida va qon hosil boʻlishida ishtirok etadi. S vitamini organizmning infeksiyalarga chidamliligini oshiradi va toʻqimalar hamda hujayralarning oʻsishiga yordam beradi. Shuningdek, mayda qon tomir (kapillyar)larning devorini mustahkamlaydi. Bu vitamin meva-sabzavotlar tarkibida koʻp boʻladi. S vitamini yorugʻlik va qaynash jarayonida tez parchalanib ketgani bois mahsulotlarni toʻgʻri saqlash va pishirish muhim ahamiyatga ega.

Bolanining rivojlanishida vitaminlarning ahamiyati katta. Vitaminlar moddalar almashinuvi jarayonining nazoratchilaridir. Ayniqsa, ular bolaning oʻsish va rivojlanish jarayoniga bevosita aloqador boʻladi. Kasalliklarga qarshi chidamini oshiradi, yaʼni immunitetni mustahkamlaydi. Oʻsish davrida bolaning vitaminlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, uning kelajakda sogʻlom boʻlib rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Fazilat Saʼdullayeva, farmatsevt

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.