Xotirani mustahkamlash uchun maslahatlar

0
2218
marta koʻrilgan.

Yosh oʻtishi bilan koʻpchilik xotirasi yomonlashayotganidan xavotirlanadi. Bosh miya qon tomirlarida tiqilmalar boʻlsa yoki organizm xiltlarga toʻlsa ham xotira pasayadi.

Odam epilepsiya (tutqanoq) bilan ogʻrisa, shuningdek, insult, yoʻl-transport hodisalari yoki boshqa sabablar tufayli boshidan zarb yegan boʻlsa miya chayqalishi va qon tomirlar shikastlanishi sabab bemor koʻp narsani eslay olmaydi. Shuningdek, stress (ruhiy zoʻriqish), depressiya (tushkunlik) ham bu xastalikning rivojlanishiga turtki boʻladi. Eng avvalo, nevropatologga murojaat etib, uning tavsiyasiga koʻra toʻliq muolaja olish zarur.

Shuningdek, yongʻoq isteʼmol qilish xotirani mustahkamlaydi. Yana ovoz chiqarib sheʼr yodlash yoki uydan chiqayotganda odam oʻziga oʻzi “Men chiroq, gaz, dazmolni oʻchirdim va eshikni qulfladim” deb aytishi ham foydali mashgʻulot hisoblanadi. Kitob oʻqish, krossvord yechish miya faoliyatiga ijobiy taʼsir etadi. Inson 40-45 yoshga yetgach, agar u sogʻlom turmush tarziga amal qilmasa asta-sekin xotirasi pasayib boradi. Ayniqsa, notoʻgʻri ovqatlanish (koʻproq goʻshtli va yogʻli taomlar isteʼmol qilish qonni quyultirib, yomon xolesterin sababli qon tomirlarda tiqilma hosil boʻladi), kam harakat qilish, zararli odatlar (ichish, chekish, giyohvand moddalarni isteʼmol qilish, toksikomaniya) tufayli odam tez qariydi. Bu esa uning bosh miyasidagi qon tomirlarga ham salbiy taʼsir etadi. Natijada insonning xotirasi pasayadi. Eslab qolish qulay boʻlishi uchun quyidagi xotira mashqlarini bajaring:

Teskari tartibda yuzdan birgacha boʻlgan sonlarni sanab chiqing, alifboni takrorlang. Undagi har bir harf uchun birorta soʻz toping. Mabodo, birorta harf yodingizdan chiqqan boʻlsa toʻxtamasdan keyingisidan davom etib keting. Tezgina yigirmata erkak ismini ayting va yana shuncha miqdordagi xotin-qizlar ismini ovoz chiqarib takrorlang. Alfavitdan oʻzingizga yoqqan birorta harfni tanlang. Unga mos yigirmata soʻz ayting. Shuningdek, shaxmat-shashka oʻynash hamda bahri bayt aytishuvlari ham xotirani mustahkamlaydi. Chunki bahri baytda sheʼr yoki gʻazalning oxirgi tugagan harfiga moslab raqib tomon aytishuvni davom ettirishi kerak. Agar aksi boʻlsa, raqib yengilgan hisoblanadi.

Gulchehra ShIRINOVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.