Yalpiz oʻtkir hidli shifobaxsh koʻkatlardan biri hisoblanadi. Momolarimiz erta bahorda anhor boʻylarida ifori bilan eʼtiborni tortadigan yalpizdan turli koʻkatlarni qoʻshib chuchvara, goʻmma, manti kabi turli taomlarni tayyorlashni xush koʻrishgani bejiz emas. Shuningdek uni dorivor sifatida damlab ichish ham mumkin.
Yalpizli choy tanadagi shishni va oshqozon buzilishining oldini oladi. Soʻnggi tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, ushbu ekstrakt tana aʼzolarini boʻshashtiradi va organizmda mavjud boʻlgan ogʻriq, spazmni ketkazadi. Taʼkidlanishicha, 4 hafta mobaynida yalpizli choy qabul qilish ovqat hazm qilish tizimidagi muammolarni 40 foizga kamaytiradi. Bundan tashqari, yalpizli kapsulalar kimyoviy terapiya bilan shugʻullanadigan bemorlarda koʻngil aynishining oldini oladi, shuningdek, boshqa sabablarga koʻra koʻngil aynishi kuzatilayotgan odamlarga ham juda foydali.
Bosh ogʻrigʻi va migrenni kamaytiradi. Yalpiz mushaklarni boʻshashtirish va bosimni pasaytirish, har qanday turdagi bosh ogʻrigʻiga qarshi kurashda yaxshi yordamchi sanaladi. Shuningdek, yalpiz moyini chakkaga surish orqali qon bosimini koʻtarish mumkin. Bu quyi qon bosimi egalari uchun ajoyib yechimdir.
Quvvat manbai. Tadqiqotlar natijasida yalpizli choy ichish asab tizimiga ijobiy taʼsir oʻtkazishi, quvvatni oshirishi hamda kunduzgi uyquchanlikning oldini olishi aniqlandi.
Vazn tashlashda. Tarkibida kaloriya va kofein boʻlmagan yalpizli choy tetiklashtiruvchi xususiyatga ham ega. Birozgina ishtahani boʻgʻishi natijasida ortiqcha vazn bilan kurashish imkoniyati paydo boʻladi.
Diqqatni jamlashni yaxshilaydi. Fikrlash, diqqatni jamlashda qiyinchilikka uchraydiganlar uchun yalpizli choy ajoyib yechim. Shuningdek, choy xotirani mustahkamlashga ijobiy taʼsir oʻtkazadi.
Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashadi. Yalpizli choy bir qancha bakteriyalarga – stafilokokk, salmonella va listeriyaga qarshi kurashda yordam beradi. Shuningdek, yalpiz mikroorganizmlarning koʻpayishining oldini oladi, ogʻiz boʻshligʻini qisman zararsizlantirib, nafas olish yoʻlini ham tozalaydi.
Uni gullagan paytida quritib qishga saqlab qoʻyish ham mumkin. Odam qadami yeimagan joylardan yigʻish juda foydalidir.
Fazilat Saʼdullayeva, farmatsevt