Avval taʼkidlaganimizdek, goʻshtlar inson organizmiga zarur boʻlgan protein, vitamin va mikro elementlarga boy mahsulot. Faqat goʻshtni tanlay bilish va toʻgʻri pishira olishda va oʻz organizmiga karab isʼtemol qila olishda gap koʻp. Ayniqsa, tabiiy oʻtlar bilan dalada boqilgan molu parandalarning goʻshti foydalidir.
Qoʻy goʻshti
Qoʻy goʻshtining foydasi va zarari nimadan iborat? Mutaxassislar taʼkidlashicha, u magniy, yod, kaliy, temir, V guruh vitaminlariga boy. Shu bilant qoʻy goʻshti yogʻliligi bilan ajralib turadi. Bir soʻz bilan aytganda ozgʻinlarga — shifo, semizlarga esa ogʻirlik qiladi.
Qoʻyning ichki yogʻlari shamollash kasalliklarini davolashda shifo manbai. Uning tarkibida temir moddasi koʻp, shuning uchun kamqonlikni davolash va qon tarkibini yaxshilashda benazir ozuqadir. Uning tarkibidagi letsitin moddasi xolesterin almashinuvini muvofiqlashtirishga yordam beradi. Shuning uchun parhez taomlar tayyorlashda keng foydalaniladi.
Qoʻy goʻshti ziyoni boshqa goʻshtlarniki kabi boʻlib, koʻp isteʼmol qilganda qon tomirlarda yogʻli tiqinlar paydo boʻlishiga, ortiqcha vazn toʻplanishiga olib keladi. Shuningdek, qoʻy goʻshtini keksa kishilar, ayniqsa, artritdan qiynalgan bemorlar koʻp yemasligi kerak. Chunki, tadqiqotlarda maʼlum boʻlishicha, qoʻy suyagida artrit avj olishiga turtki beradigan bakteriyalar mavjud ekan.
Yurak-qon tomir kasalliklari bor kishilar qoʻy goʻshtining yogʻsiz boʻlagini isteʼmol qilishi mumkin. Qoʻy goʻshtidan taom tayyorlaganda koʻproq sabzavotlar qoʻshish tavsiya etiladi. Ular ovqat hazmini yaxshilab, goʻshtning zararini kamaytiradi.
Oʻrdak goʻshti
Koʻp mamlakatlarda oʻrdak goʻshti tovuq goʻshti kabi muntazam isteʼmol qilinadi. U inson salomatligi uchun muhim mikroelementlarga boy. Bu moddalar miya faoliyatini yaxshilash, terini nafislashtirish xususiyatiga ega. Tadqiqotlarga koʻra, oʻrdak goʻshtida mavjud kislotalar saraton hujayralarining tanaga tarqalishiga toʻsqinlik qilishi aniqlangan.
Undagi D vitamini mushaklar va suyaklarni mustahkamlaydi.
Bu goʻsht Ye vitaminiga ham boy boʻlib, yoshartiruvchi antioksidant sanaladi. Shu bois reproduktiv tizim ishini yaxshilaydi, qon tomirlarini mustahkamlaydi, jarohatlarni tez bitkazadi. Ammo xolesterin koʻp boʻlgani uchun yurak xastaliklari bor bemorlarga tavsiya etilmaydi. Shuningdek, unda yogʻ miqdori yuqori boʻlgani uchun jigar xastaliklari va qandli diabeti mavjud bemorlar kamroq isʼtemol qilgani maʼqul.
Ot goʻshti
Ot goʻshti tarkibi aminokislotalar bilan muvozanatda boʻlgan oqsillar moʻldir. Shu sababdan ham parhez goʻsht sanaladi. Mutaxassislar taʼkidlashicha, ot goʻshti mol goʻshtiga qaraganda 8 marta tez hazm boʻladi. Bu goʻshtning oʻziga xosligi uning tarkibidagi yogʻlar oʻsimlik moyiga yaqinligidadir.
Ot goʻshtining oʻt haydash xususiyati alohida ahamiyatga ega. U qonda xolesterin miqdorini kamaytirish va moddalar almashinuvini yaxshilashga hissa qoʻshadi.
Tibbiy kitoblarda ot goʻshti tanadan zararli moddalarni haydash, radiatsiyani kamaytirishda yaxshi vosita ekanligi yozilgan. Bu goʻshtda temir va A vitamini serob. Shifokorlar taʼkidlashicha, u jinsiy faollikni oshirishda ham muhim mahsulot ekan.
Yana shuni taʼkidlash kerakki, har qanday goʻshtlar jonivorlar qanday sharoitda hamda qanday yemishlar bilan boqilganiga bogʻliq. Dalada, tabiiy oʻtlar bilan oziqlangan jonivorlarning goʻshti, albatta, tanga shifodir.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi