Yassioyoqlikni uy sharoitida davolash mashqlari

0
112
marta koʻrilgan.

Jismoniy faolligi yetarlicha boʻlmagan yoki haddan tashqari vazni ogʻir kishilarda yassioyoqlik rivojlanadi. Toʻgʻri tashhis qoʻyish va davolashni shifokor tayinlaydi va buning uchun ortoped vrachga uchrashib maslahat olish kerak.

Hozir biz sizga yassioyoqlik bor yoki yoʻqligini va uning belgilarini uyda ham oddiy usul bilan tekshirib koʻrishni oʻrgatamiz. Buning uchun:

Bir varaq oq qogʻoz va boʻyovchi modda (masalan, guash, yod) yoki yogʻli krem oling. Oyoqlaringiz kaftiga suring va avaylab oq qogʻozning ustiga turing. Izlar qurigandan keyin tovondan bosh barmoqning boʻrtib turuvchi qismiga tomon toʻgʻri chiziq oʻtkazing. Bu chiziqqa tik ravishda kaftingizning eng tor joyidan ikkinchi chiziqni torting.

Agar izning eng tor joyi uzunligi birinchi chiziqqacha boʻlgan masofaning yarmini yoki undan ham koʻprogʻini tashkil qilsa, u holda sizda yassioyoqlik mavjud.

 Yassioyoqlik tufayli toliqqan oyoqlar uchun mashqlarni tavsiya qilamiz va uni uyda bemalol oʻzingiz bajarishingiz mumkin.    

Birinchi mashq  tovonlar balandligini oʻzgartirishga va ularni toʻgʻri holatda tutishga moʻljallangan. Ushbu mashqni ertalab bajargan maʼqul. 20-30 soniya oyoq uchida turing. Uni 5-10 marta takrorlang.     

      

Ikkinchi mashq  zaif mushaklarni va boldir paylarini mustahkamlaydi. Yerga bir necha sharchalarni qoʻying. Oyogʻingiz barmoqlari yordamida har bir sharchani navbatma-navbat idish ichiga joylashtiring. Ushbu mashqni zerikkuncha bajarish mumkin.

Ijobiy samarani kuchaytirish uchun boshqa mashqlarga ham eʼtibor berishingiz lozim. Masalan,  dumaloq kashtan donachalarini yigʻib,  boʻz qopchaga solib, u bilan oyoq ostini uqalab yengil massaj qilasiz. Ushbu muolaja yassioyoqlikka foyda boʻlish bilan birga,  qon aylanishini ham yaxshilaydi. Hordiqni ketkazadi. Kayfiyatingizni koʻtaradi.

Soliyjon BEKCHANOV, tibbiyot fanlari doktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.