Yosh bolalaringiz bilan koronavirus haqida suhbatlashasizmi?

0
152
marta koʻrilgan.

Respublika Maxsus komissiyasi  iqtisodiy-ijtimoiy faoliyatni yaxshilash maqsadida karantin cheklovlarini yumshatayapti. Bu  karantin tartib-qoidalari cheklanadi, degani emas. Aksincha pandemiya  yanada avj olmasligi uchun har bir inson, har bir oila yanada eʼtiborli boʻlishi kerak deganidir. Ayniqsa yosh bolalarni koronavirus balosidan  asrash-avaylash, karantin tartib-qoidalarini ong-shuuriga singdirish kerak.

Bir soʻz bilan aytganda mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, pandemiya sharoitida yashashga oʻrganishimiz kerak. Farzandlarimiz karantin davrida biz bilan birga televizor orqali berilayotgan koronovirus xaqidagi maʼlumotlarni koʻrib, eshitib bormoqda. Ushbu mavzu boʻyicha ular bizga juda koʻp savollar berishadi. Unday paytlarda  bolalarga koronovirus infeksiyasi haqida erinmasdan, sodda tilda  gapirib berish kerak boʻladi.

Birinchidan, ular bu kasallikni oldini olish uchun nimalar qilish kerakligini toʻgʻri anglab yetishlari kerak. Shuning uchun avvalo karantin tartib -qoidalarini tushintirish lozim. 

 Ikkinchidan, ular hozirgi kunda uyda oʻtirib OAV orqali kasallikni statistikasi hamda oʻlimi haqida eshitadilar va bu maʼlumotlar ular psixologiyasiga notoʻgʻri taʼsir qilishi mumkin. Chunki, bolalar buni kattalarga bildirmasalar ham, kasallikning eng yomon oqibatidan juda qoʻrqadilar hamda oʻz oila aʼzolari uchun qattiq xavotirlanadilar.

Shuning uchun niqob taqish va qoʻllarni tez-tez sovunlab yuvishning sabablarini anglatish lozim. Bolalar ovqatiga eʼtibor berib, tez-tez iliq suv ichib turishga oʻrgatib, eslatib turish kerak boʻladi. Buning uchun ota-onalarning oʻzi tibbiy madaniyatni egallashi lozim. Masalan, koronavirusning oldini olishda S va D kabi vitamanlarning ahamiyati va ular qaysi mahsulotlarda mavjudligini bilishi kerak hamda bolaga erinmay tushuntirish kerak. Mahsulotning tarkibini, ahamiyatini tushunib ishonch va ishtaha bilan yeyilgan neʼmat ham shifodir.

Ayni paytda pandemiyaning oldini olishda badantarbiya hamda yugirishning ahamiyati katta. Kattalar buni  kichkintoylarga ham tushintirishlari lozim. Masalan, nevaralarim (biri 8, ikkinchisi 6 yoshda) ertalab uyqudan turgach, adasi ularni yugirishga undaydi. Ular uyimiz  eshigi oldidagi futbol maydonchasida 11 marta aylanishadi. Soʻngra kayfiyati koʻtarilib, terlab-pishib ishtahasi ochilib qaytib kelishadi.

«Endi biz kasalga chalinmaymiz-a, adajon» deb soʻrashadi. Adasining tasdigʻini va meni  ragʻbatlantiruvchi shirin gaplarimni eshitgach yanada kayfiyati koʻtariladi. Kayfiyati baland boʻlgan bolada immunitet yanada kuchayishini tibbiyot xodimlari taʼkidlashadi. Sogʻlom turmush tarziga bolani kichkintoyligidan oʻrgatib borish koni foyda boʻlib, samarasidan kelajakda oʻzingiz xursand boʻlasiz.

Avvalo, bolaga qoʻlni tez-tez sovunlab yuvishni oʻrgating. Ahamiyatini gapirib bering. Niqob taqish sabablarini tushintiring. Masofa saqlash nima uchun kerakligini bilib olsin. Keyingi savollarni oʻzi beradi. Kattalar, siz bunga tayyor turishingiz kerak.

Aziz, ota-onalar, buvi-buvajonlar ayniqsa pandemiya davrida sizning kichkintoylar oldida masʼuliyatingiz kattaligini his qiling. Oramizda ushbu kasallik bor ekan, oʻzimizni, oilamizni asrab-avaylab, u bilan birga yashashga oʻrganishimiz kerak. Chunki,  karantin cheklovlari yumshatilayapti. Bu esa barcha masʼuliyatni siz-u bizga yuklaydi.

 Niqob taqing va uni har ikki soatda almashtiring.  Qoʻlingizni tez-tez sovunlab yuvib turing. Masofa saqlashni esdan chiqarmang. Begona joyga borayotganda qoʻlinggizga qoʻlqop kiyishni unitmang. Fizika tili bilan aytganda soch eng zoʻr elektrod deyiladi. Bosh kiyim kiyish, ayollarning roʻmol oʻrab olishi ham yana bir himoya vositasidir.

Azizlarim, oʻzini asraganni Olloh ham asraydi. Ushbu yuqumli kasallik balosi ona Zaminimizdan butkul yoʻq boʻlishini Ollohdan  duolarimizda soʻrab qolamiz!

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi  granti asosida uyushtirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.