Hayotning ajoyib neʼmati, Allohning buyuk marhamati – farzand! U oilamizning, Vatanimizning kelajagi! Baxtiyor chaqaloqqa, mehrga qonib oʻsayotgan goʻdakka eʼtibor bersangiz uning vujudida sogʻlomlik aks etadi, koʻzlari baxtdan chaqnab turadi.
Oʻzingizni va bolangizni durkun va baxtli boʻlishini xohlaysizmi? Ruhshunoslar maslahatiga koʻra kuniga kamida bir necha marta erkalang. Yelkalarini, boshlarini siypalang.
Allomalarning taʼkidlashicha, onalik va bolalik baxtining uchta asosiy omili mavjud. Shirin soʻzlar bilan erkalash, suyib quchoqlash, emizib boqishdir.
Quchoqlash, ota-ona mehri — bolaligimizdan eslab qoladigan, tanamiz huzur oladigan birinchi hissiyot. Goʻdak ota- onasining bagʻrida oʻzini xavfsiz his qiladi. Erkalash ohanglari bolaning ruhiy osoyishtaligidir. Agar onaning mehrli quchogʻiga emizish vaqti ham qoʻshilsa, demak, bu farzand uchun ideal baxt va xotirjamlik holatidir.
Shuning uchun barcha shifokorlar soʻzsiz ona sutining ahamiyatiga katta eʼtibor berishadi, emizib boqishni tavsiya qilishadi.
Olimlar ota-onalaridan yetarlicha mehr koʻrgan va eʼtiborni his qilgan bolalar tezroq rivojlanib, kamroq kasal boʻlishlarini allaqachon isbotladilar.
Mehribonlikni, ezgulikni ifodalovchi ona-bola aloqalari baxt gormonlarini ishlab chiqarishga yordam beradi, immunitetni mustahkamlaydi va koʻplab jiddiy kasalliklarning oldini oladi. Uning vujudida sogʻlomlik aks etadi, koʻzlari baxtdan chaqnab turadi. Mehr koʻrgan bolaning kelajakda oilaga ham, yurtga ham oʻziga ham manfaati yuksak boʻladi.
Mehriniso