Yoshi ulugʻ kishilarga ovqatlanish boʻyicha alohida tavsiyalar

0
671
marta koʻrilgan.

Keksalarning taomnomalarini toʻgʻri tuzish ular organizmidagi moddalar almashinuviga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, ish faoliyatini yaxshilab, salomatligini taʼminlab turadi. Shu maqsadda Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, oʻsmirlar gigiyenasi kafedra professori Guli Shayxova SSV Matbuot xizmatiga keksalar uchun oʻz tavsiyalarini bildirdi.

1. Goʻshtli va baliqli taomlarni zarur darajada isteʼmol qilish;

2. Tuzli va goʻshtli taomlar yurak qon-tomir va nafas tizimlari faoliyatiga salbiy taʼsir etishi sababli (qon bosimining koʻtarilishi, tomir urish va nafas olish sonining ortishi) ularni kechqurunlari isteʼmol qilmaslik;

3. Uyqu paytida aʼzolar faoliyatiga taʼsir etmaganligi sababli kechki ovqatda sutli mahsulotlarni qabul qilish;

4. Yoshi ulugʻ kishilar koʻproq dimlangan va goʻshtsiz shoʻrvalar isteʼmol qilishlari maqsadga muvofiq. Hazm bezlarini ortiqcha yuklama bilan ishlashiga sabab boʻlganligi tufayli yogʻli, qovurilgan, achchiq taomlar, marinad va souslar isteʼmolini keskin cheklash;

5. Dasturxon tuzaganda taomlarning tashqi koʻrinishi, hidi va taʼmiga alohida eʼtibor berish (chunki ular hazm shirasi ajralishi va taomlarni yaxshi oʻzlashtirilishiga yordam beradi);

6. Tarkibida xolesterin, organizmga tez singuvchi uglevodlar va koʻp miqdorda osh tuzi saqlovchi mahsulotlar va ulardan tayyorlangan taomlar isteʼmolini kamaytirish;

7. Ratsionga vitaminlar, kaliy va magniy tuzlariga boy mahsulotlar hamda oʻsimlik yogʻidan tayyorlangan taomlarni kiritish. Ularni tayyorlashda dimlangan, yogʻsiz qoʻy, mol va parranda goʻshtlari hamda baliqdan foydalanish;

8. Sabzavotlar va dukkakli mahsulotlardan tayyorlangan taomlar va salatlarni koʻproq isteʼmol qilish;

9. Bir kunda 70–80 gr atrofida yogʻ isteʼmol qilish. Uning 1/3 qismi oʻsimliklar yogʻi boʻlishi kerak. Tana vazni ortishiga moyilligi boʻlgan onaxon va otaxonlar xamirli oziq-ovqatlar, shirinliklar, smetana, sariyogʻ kabi mahsulotlar isteʼmolini keskin chegaralashlari shart;

10. Sutli mahsulotlar — yogʻsiz pishloq, tvorog va ulardan tayyorlangan taomlar, qatiq va atsidofilin isteʼmolini koʻpaytirish;

11. Ichish uchun achchiq qilib damlanmagan choy, shu jumladan, sutli, meva va sabzavot sharbatlaridan foydalanish;

Xulosa qilib aytganda, qarilik — bu qonuniy biologik jarayon hisoblanib, uni sogʻlom turmush tarziga amal qilish, ratsional ovqatlanish, chekish va boshqa zararli odatlardan voz kechish orqali sekinlashtirish mumkin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.