Ayni yozda ham katta-yu bolalarda shamollash kuzatilmoqda. Nafas yoʻllarining ogʻir kechadigan shamollashi tumovdan boshlanadi. Bu alomat yoqimsiz boʻlsa ham unchalik qoʻrqinchli emas. Eng xavflisi, infeksiya avval tomoq va boʻgʻizni egallaydi, keyin esa traxeya, bronx va oʻpkaga oʻtadi. Tumov boshlanayotgan paytida-yoq uning oldini olish lozim.
Shamollash, yoʻtal sababsiz paydo boʻlmaydi – u biror-bir yuqumli, respiratorli yoki virusli turdagi kasallik belgisidir.
Har qanday kuchli taʼsir koʻrsatuvchi dorilarning, shu jumladan antibiotikning ijobiy va salbiy xususiyatlari mavjud. Ijobiy tomonlari shuki, zararli mikroblarga barham beradi, bemorning ahvoli tezda yengillashadi. Biroq, immunitetni tushirib yuboradi.Bu esa organizmning turli kasalliklarga qarshi kurashish xususiyatini pasaytiradi. Shuning uchun antibiotiklarni vrach tavsiyasi va nazorati ostida qabul qilish lozim.
Agar kasallik davrida yuqori harorat va keskin lanjlik holati boʻlmasa, xalq tabobati usullarida davolash mumkin.
Vitaminlar virusli infeksiyalarga qarshi kurashda juda yaxshi vosita boʻlib, ayniqsa C vitamini – kuchli antioksidant hisoblanadi. Ular grippni kompleks davolashda tarkibiy qism sifatida ishlatiladi. Shuning uchun limonli choyni, sabzavotli , mevali salatlarni koʻp isʼtemol qilishga intilish kerak.
Asal – yoʻtalni davolovchi birinchi va eng yaxshi yordamchidir. Kunduzi va uyqu oldidan iliq sut ichish – nafas yoʻllaridagi qichishish va ogʻriqni kamaytiradi va tungi yoʻtal xurujining oldini oladi. Balgʻamni chiqarish uchun, bir stakan sutga 2 osh qoshiqda asal va bir chimdim soda qoʻshiladi.
Karam sharbati bilan asal ham yoʻtalni kamaytirishga yordam beradi. Asal taʼbga koʻra sharbatga qoʻshiladi va kun davomida qabul qilinadi. Emizikli va undan kattaroq bolalarga ham berish mumkin.
Sut – yoʻtalni davolovchi eng samarali vosita. U tomoq yalligʻlanishini bartaraf etadi, balgʻamni ajratishga va chiqarishga yordam beradi. Yoʻtal paytida uni qaynatib, iliq holda ichish juda foydali. Yoʻtal juda kuchli hollarda, yarim litr sutga bir bosh sarimsoq va 2 dona maydalangan piyoz qoʻshib, 10 daqiqa davomida qaynatiladi. Hosil boʻlgan suyuq boʻtqaga yoqimli taʼm berish uchun ozroq asal qoʻshiladi va kuniga 1 osh qoshiqdan 4-5 mahal ichiladi.
Saryogʻli sut. Iliq sut va saryogʻ quruq yoʻtalni yumshatishga va tomoq qichishishini bartaraf etishga yordam beradi. Bir stakan sutga 50 gramm saryogʻ solinadi va uyqu oldidan qabul qilinadi.
Bananli sut – yoʻtalni davolovchi eng mazali vositadir. Banan boʻtqasimon qilib maydalanadi, iliq sut va asal qoʻshilib, blenderda yaxshilab aralashtiriladi. Hosil boʻlgan qiyom kechki payt yotishdan oldin yoki saharda ichiladi.
Bir litr suvga bir bosh sarimsoq va 2 dona maydalangan piyoz qoʻshib qaynatilgan suvning parida nafas olish ham yaxshi samara beradi. Shuningdek tez-tez isiriq tutatib turish ham lozim.
Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi