Yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olish va davolash

0
139
marta koʻrilgan.

Surunkali yurak-qon tomir kasalligi bor yoki ushbu xastalikka chalingan insonlarning davolanish tartibi va hayoti davomida amal qilishi kerak boʻlgan qoidalar, tavsiyalar mavjud.

Avvalo, surunkali yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar doimiy ravishda kardiolog shifokor nazoratida boʻlishi kerak. Buning uchun oilaviy poliklinikasida dispanser nazoratiga olinishi, bir yilda 2 marta dispanser tekshiruvlaridan oʻtib, yilda bir marta statsionar davolanishi hamda doimiy ravishda kardiolog tavsiyalariga amal qilishi va dorilarini muntazam qabul qilib yurishi kerak.

Ayniqsa, har bir bemor oʻz salomatligiga masʼul boʻlishi, sogʻligʻiga beeʼtibor boʻlmasligi, sogʻlom turmush tarziga amal qilishi, organizmga jismoniy yuklamalar meʼyorda boʻlishi, shu bilan birga, kamharakat boʻlib uyda oʻtirib qolmasligi, toza havoda koʻproq sayr qilishi, kechki payt yengil nonushta qilishi, uyqudan oldin taom yemasligi, ichish, chekish kabi zararli odatlardan voz kechishi kerak.

Yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan, infarkt va insultga chalinmaslik uchun avvalambor, har bir ona homiladorlik davrida tugʻiladigan farzandining sogʻlom boʻlishi uchun eʼtiborli boʻlishi kerak. Koʻpincha tugʻma nuqsonli bolalar homiladorlik davrida koʻp kasal boʻlgan, kamqonli, jismoniy va ruhiy charchagan onalardan tugʻiladi. Farzandining sogʻligʻiga ota-ona eʼtibor berishi, shifokor nazoratidan oʻtkazib turishi, farzandini sogʻlom va jismoniy baquvvat qilib tarbiyalashi kerak.

Balogʻat yoshidan keyin har bir inson oʻz sogʻligʻi haqida qaygʻurishi, kasallikning oldini olishi yoki boshlangʻich davrida aniqlab, uni bartaraf etish uchun harakat qilishi lozim. Yurak-qon tomir kasalliklariga chalinmaslik uchun sogʻlom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy faollikni oshirishi, aqliy mehnat bilan jismoniy mehnatni meʼyorda olib borishi, ovqatlanish gigiyenasiga amal qilishi, zararli odatlardan voz kechishi, kardiolog shifokor nazoratida boʻlib, oʻz vaqtida davolanishi talab etiladi.

Misol uchun, birgina chekishni tashlash 2-3 oydan keyin oʻpka faoliyatini 30 foizga yaxshilanishiga, bir yildan keyin esa yurak ishemik kasalligi rivojlanishi xavfini 50 foizga kamaytiradi. Shuningdek, tana vaznini nazorat qilish kerak. Jumladan, bel aylanasi erkaklarda 94 sm., ayollarda esa 80 sm.dan oshmasligi lozim. Vaznning 10 kg.ga kamayishi qon bosimini 5-20 mm s.u.ga pasaytiradi. Kuniga 30 daqiqalik jismoniy faollik ham qon bosimini 4-9 mm s.u.ga kamaytiradi.

Bundan tashqari, ovqatlanishda ratsionning xilma-xilligiga eʼtibor berish, oqsillarning yetarli boʻlishi, goʻshtni baliq, dukkaklilar, parranda goʻshtiga almashtirish, savzovot va mevalarni koʻpaytirish hamda osh tuzi isteʼmolini cheklash lozim boʻladi.

Ushbu tavsiyalarga muntazam amal qilish bilan yurak-qon tomir kasalliklarining oʻtkir miokard infarkti va miya insulti kabi ogʻir asoratlarining oldini olgan boʻlasiz.

Yulduz Safarova, oliy toifali vrach

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.