Zira – xushtaʼm ziravor

0
789
marta koʻrilgan.

Zira milliy taomnomamizda qadimdan mavjud. Xushtaʼm ziravor sifatida sevib ishlatib kelinadi.  Chunki,  uning shifobaxsh xususiyatlari koʻp. Dorivor sifatida asosan iyulda terib olingan zira urugʻi foydalaniladi.

Uning urugʻi ichakda yel-gaz haydovchi, sut koʻpaytiruvchi, mikroblarga qarshi kurashuvchi, gijja haydovchi xususiyatlarga ega. Ziravor ichakda ovqat chirishida ishtirok etib,  ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.

Zira– ovqatga solinganida yogʻ hujayralarining toʻplanib qolishini kamaytirish orqali ozishga yordam beruvchi ajoyib neʼmat. Bu ziravor ortiqcha vazn yigʻilishining oldini olishdan tashqari, oldindan mavjud boʻlgan ortiqcha kilogrammlardan qutulishga ham yordam beradi.

Yogʻ toʻqimalari foizini jiddiy ravishda kamaytiradi. Eron tibbiyot fanlari universitetida oʻtkazilgan tadqiqotlarda oʻz ratsioniga zirani kiritgan ayollar organizmida yogʻ toʻqimalari 14 foizga kamaygani, shu vaqtning oʻzida, nazorat guruhi qatnashchilariniki esa hatto sogʻlom yashash tarziga qaramasdan 5 foizga kamaygani aniqlandi.

Uyqu sifatini yaxshilaydi. Agar siz uyquga toʻymasangiz, unda koʻproq yeysiz — toʻyib uxlamaslik ishtahani nazorat qila olmaslikka va metabolizmning sekinlashishiga olib keladi. Zira uyqusizlik bilan kurashishga yordam beradi.

Qondagi shakar miqdorini normallashtiradi. Zira hujayralarning insulinga va glyukozaga boʻlgan moyilligini kuchaytirish yoʻli bilan qondagi shakar miqdorini ushlab turishga yordam beradi. Zira qondagi shakar miqdorini nazoratda tutib turish bilan uglevodlarga boʻlgan intilishni yengadi va sizda toʻqlik hissini uzoqroq saqlab turadi.

Ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Zira hidi ogʻiz boʻshligʻidagi soʻlak bezlarini faollashtiradi, bu esa hazm qilish qurilmasini ishga tushiradi va uning birinchi bosqichini yaxshilaydi. Zira tarkibidagi timol moddasi ovqat hazm qilish va singdirishda ishtirok etuvchi kislota, oʻt va fermentlar ishlab chiqaruvchi bezlar faoliyatini kuchaytiradi. Shuningdek zira yel haydovchi vosita hisoblanadi, yaʼni u gaz yigʻilishi va qorin damlash muammolarining ham yechimi ekanligini bildiradi.

Parhezga kiritish namunalari. Bu ziravor qovurilgan va dimlangan sabzavotlarga juda mos keladi. Uni uyda tayyorlanadigan barcha taomlarga, ayniqsa loviya va yasmiqli shoʻrvalarga, odatdagi guruchning mazasini yaxshilash uchun qoʻshish mumkin. Yogurtga aralashtirilgan qovurilgan zira urugʻi ich qotishda yordam beradi. Siz hatto bu ziravordan choy damlasangiz ham boʻladi: zira urugʻlarini suvda qaynating va 10 daqiqa damlab qoʻying.

Bronxit dardida zira, ukrop, arpabadyon, kashnich  urugʻlari teng  miqdorda olinib, maydalanali. Ikki stakan qaynoq suvga undan bir osh qoshiq solib,olovda 2 daqiqa damlanadi. Qaynatmadan  kuniga bir mahal  2 osh qoshiqdan ichiladi. 

Ich qotganda ikki osh qoshiq ziraga bir stakan qaynoq suv quyib, 15 daqiqa qaynab turgan suvli  idishda  damlanib, soʻngra olov oʻchirilib, yana  45 daqiqa ushlanadi. Damlamadan  yarim stkandan 2 mahal ovqatdan keyin ichiladi.

Qorinda gaz yigʻilganda zira urugʻidan bir osh qoshiq olinib, bir stakan qaynoq suvga solinib, past olovda 30 daqiqa ushlanadi. Soʻngra dokada suzib olinadi. Damlamani kattalar bir osh koshiqdan 2-3 mahal, bolalar bir choy qoshiqdan 2-3  marta ichishadi.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira BEKCHANOVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.