31 iyul kuni harakatlanish taqiqlangan, qurbonliklar muhtoj oilalarga qanday yetkazib beriladi?

0
185
marta koʻrilgan.

AOKA huzuridagi shtabda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda aholidan tushgan eng muhim savollarga javob qaytarildi.

SAVOL: 31 iyul kuni harakatlanish taqiqlangan, qurbonliklar muhtoj oilalarga qanday yetkazib beriladi?

JAVOB: Toʻgʻri, joriy yil 31 iyul, 1-2 avgust hamda 8-9 avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish toʻliq toʻxtatiladi.  Shuning uchun savobli  ehsoningizni karantin qoidalariga rioya etgan holda, mahallangiz raisi va faollari hamkorligida hamda yordamida oʻzingiz yashayotgan mahalla hududida amalga oshirishingiz maqsadga muvofiq.

SAVOL: Uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni kimdir nazorat qiladimi?

JAVOB: Koronavirusga chalingan uy sharoitida davolanayotgan bemor va u bilan muloqotda boʻlganlarga ulardan kelib tushgan murojaatlar asosida, ularning oʻz mablagʻlari hisobidan ehtiyoji uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini xonadonga karantin qoidalariga rioya qilgan holda olib kelinadi.

Shu jumladan profilaktika inspektoriga quyidagi ishlarni bajarish vasifasi yuklatilgan, yaʼni: har kuni belgilangan vaqtlarda maʼmuriy hududida joylashgan karantinga olingan xonadonlarni oʻrganib chiqadi; mahalla fuqarolar yigʻini raisi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda karantinga olingan xonadonlarga Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan eslatma varaqasini tarqatadi;  kun davomida zarurat boʻlganda karantinga olingan xonadon egasi bilan telefon orqali bogʻlanib vaziyatni oʻrganib boradi.

SAVOL: Xorazm viloyatida dehqonchilik bilan shugʻullanaman. Oʻzim yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini poytaxtda sotish uchun olib borsam boʻladimi?

JAVOB: Ha, ruxsat beriladi. Faqatgina yoʻllarda vaqtingizni tejash uchun, tegishli hujjatlarni olib yuring.

SAVOL: Men yangi mashina sotib oldim. 10 kun ichida mashinaga nomer olishim kerak. Karantin sababli ololmayapman, karantin tugagandan keyin nomer olsam hech kim menga jarima solmaydimi?

JAVOB: Ayni vaqtda Davlat yoʻl harakati xavfsizligi roʻyxatlash va imtihon olish boʻlim va boʻlinmalari tomonidan transport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtincha toʻxtatilgan. Shu bois, Sizga karantin vaqtida transport vositangizni davlat roʻyxatidan oʻtkazish kechiktirilgan taqdirda jarima solinmaydi.

SAVOL: Tibbiyot xodimiman. Shanba yoki yakshanba kuni ishga oʻzimning shaxsiy mashinamda borsam boʻladimi?

JAVOB: Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, sogʻliqni saqlash tizimidagi hamda xususiy tibbiyot tashkilotlari va tibbiy-sanitariya xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalariga harakatlanishga cheklov yoʻq.

Siz haftaning istalgan kunlari shaxsiy avtotransport vositangizda karantin qoidalariga amal qilgan holda harakatlanishingiz mumkin. Faqat yoningizda ish joyingizni tasdiqlovchi hujjatni olib yuring.

SAVOL: Asalarichiman.  Shaxsiy mashinamda asalarichi sheriklarimni 100 kilometr uzoqdagi ishxonamga olib borsam boʻladimi?

JAVOB: Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida soat (07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha) tegishli hudud doirasida fuqarolarning ish joyiga borib kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishi mumkinligi belgilab berilgan.

Agar sizning asalari vagoningiz oʻzingiz yashayotgan hudud doirasida boʻlsa siz, yuqorida koʻrsatilgan vaqt oraligʻida karantin talablariga amal qilgan holda harakatlanishingiz mumkin. Agar Siz tadbirkor boʻlsangiz, hokimiyatga ariza bilan murojaat qilsangiz, Sizni avtotransport vositangiz yashil yoʻlak platformasiga kiritiladi va harakatlanishingizga cheklov boʻlmaydi.

SAVOL: Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda IIV xodimlarining qiyin ahvolga tushib qolganliklari, oyliklari yetmayotganligi, rahbarlar tomonidan majburiy plan qoʻyilishi va hokazo qiyinchiliklar haqida ovozli yozuvlar tarqalmoqda. Shunga izoh bersangiz?

JAVOB: Hozir xech kimga oson emas. Albatta, bugungi kunda ichki ishlar organlariga qoʻyilayotgan yuklama koʻp marotaba oshgan. Bizning xodimlar orasida ham kasallanganlar, karantinda saqlanayotganlar va shu kasallikdan vafot etganlar ham bor.  Lekin ichki ishlar organlari xodimlari har qanday vaziyatda oldilariga qoʻyilgan vazifani bajaradilar, bunga bizning kuch va vositalarimiz yetarli.

 Majburiy plan masalasiga keladigan boʻlsak, bunday nomaqbul ish uslubidan allaqachon qutulganmiz, hozir xodimlarimizga bunday talablar qoʻyilmaydi. Agar kimda bu haqda maʼlumot boʻlsa, 1102 ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qiling, biz ijrochiga ham rahbariga ham qatʼiy chora koʻramiz. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi.

SAVOL: Onam betob. Agar ahvollari yomonlashib qolsa, oʻzimning shaxsiy transportimda kunning istalgan vaqtida kasalxonaga olib borsam boʻladimi?

JAVOB: Ha albatta. Ushbu kunlarda, fuqarolarga kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam koʻrsatish (homiladorlik, tugʻruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini koʻrsatish, test va qon topshirish, jarrohlik amaliyoti zarur boʻlganda, inson sogʻligʻiga va hayotiga xavf tugʻdirayotgan boshqa holatlar) bilan bogʻliq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydi.

Undan tashqari, agar xizmat olib borayotgan xodimlarga mazkur holatlarda fuqarolarning avtotransport vositalari harakatlanishiga toʻsqinlik qilmaslik, zarur hollarda fuqarolarni manziliga yetkazishda amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan aniq koʻrsatma berilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.