Adliya vazirligining maxsus loyihasi nega Sayxunobodda boshlandi?

0
120
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida oʻtkazilgan “Huquqiy axborot kuni” loyihasi “Adliya sayli” bilan yakunlandi, deya xabar beriladi gov.uz saytida

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda tumandagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabining sport zalida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida viloyatdagi 52 korxona, tashkilot va muassasalar 220 boʻsh ish oʻrni bilan ishtirok etdi.
 
– Mehnat yarmarkasida 94 nafar kishiga ishga joylashish uchun yoʻllanma berildi, – deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi M.Muhammadiyev. – Shuningdek, tijorat banklaridan kredit mablagʻlari olib tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlganlarga mutaxassislar tomonidan maslahat va tavsiyalar berildi. Janubiy Koreya, Rossiya va Turkiya davlatlariga borib ishlash maqsadida boʻlgan 152 nafar fuqaroga Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning qanday haq-huquq va imkoniyatlarga ega ekanliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jamlamasi bayon etilgan qoʻllanma tarqatildi.
 
Shu yerning oʻzida kam taʼminlangan oila farzandlari Kamoliddin Abdullayev hamda Yulduz Mamarajapovlar tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi tomonidan nikohdan oʻtdi. Nuroniy otaxon va onaxonlar ularga oq fotiha berib, tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan toʻy dasturxoniga kuzatdi.
 
Adliya, prokuratura, sud, ichki ishlar organlari hamda viloyat va tuman mutasaddilari, korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari tomonidan aholining murojaat va arizalari tinglandi.
 
Fuqarolar dehqonchilik qilish uchun ijaraga yer maydoni, uy qurish uchun yer uchastkasi ajratilishi, salomatligini tiklashi uchun jarrohlik amaliyotini oʻtkazishda amaliy yordam soʻrab, huquq-tartibot idoralari vakillari va sud qaroridan, sud qarori ijrosi taʼminlanmayotgani, tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr taʼminoti, kommunal, uy-joy xizmatlaridan noroziliklari yuzasidan murojaat qildi.
 
– Men Guliston mahallasida istiqomat qiluvchi aholi nomidan murojaat qilmoqchiman, – deydi Abdukarim Kenjayev. – Koʻchamiz yogʻingarchilik paytida loy, yozda chang boʻlib ketadi. Bolalarimiz maktabga borib kelishga qiynalmoqda. Koʻchamizni taʼmirlashlarini soʻrab, tuman yoʻl qurilish tashkilotiga murojaat qilgan edik. “Loyihaga kiritilmagan, qoʻshimcha limit yoʻq” deb javob berishdi. Shunga amaliy yordam berishingizni soʻraymiz.
 
– Haqiqatdan ham Guliston mahallasidagi Qatortol koʻchasi 2018 yilgi loyihaga kiritilmagan, – deydi Sayxunobod tumani hokimi Botir Mirzaqulov. – Lekin biz, ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, bu koʻchani tuman mablagʻi hisobiga taʼmirlashni rejalashtirdik.
 
Shuningdek, tadbirda bir qator sayyor sud ishlari ham koʻrib chiqildi. Hal etishning imkoni boʻlgan barcha masalalar joyida bartaraf etildi. Respublika miqyosida hal etiladigan muammolar yuzasidan dalolatnomalar toʻldirildi.
 
– “Huquqiy axborot kuni” loyihasi mamlakatimiz boʻylab davom etadi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari A.Toshqulov. – Tadbirni birinchi boʻlib Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidan boshlaganimizning sababi hududda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning toʻplanib qolganidadir. 
 
Maʼlumot uchun, joriy yilning 12-14 mart kunlari “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida tumanda oʻtkazilgan tadbirlarda 2 mingdan ziyod aholi ishtirok etdi.
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.