Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda maktabgacha taʼlim vaziri Agripina Shin, vazir oʻrinbosarlari, vazirlik boshqarma boshliqlari ishtirok etdilar.
Taʼkidlanishicha, maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi har bir shahar va tuman kesimida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish boʻyicha aniq koʻrsatkichlarni belgilab bergan birinchi hujjat boʻlib, vazirlik faoliyatining shaffofligi va obyektivligini taʼminlaydi. Konsepsiya MTMlar yetishmasligi muammosini hal etish bilan bir qatorda, yaqin yillarda pedogogik va boshqaruv kadrlariga ham eʼtibor qaratiladi. Pedagoglar sonini oshirish, shuningdek, xodimlarni saralash, tayyorlash va malakasini oshirishga yangi yondoshuvlarni tatbiq etish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.
Vazir Agripina Shinning qayd etishicha, maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini takomillashtirish, moliyalash samaradorligi va shaffofligini taʼminlash, kadrlar tanlash va rivojlantirish boʻyicha yangi yondashuvlarni joriy qilish, bolalarning sogʻlom ovqatlanish, sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanishi kabi masalalarda ish olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida bolalarni bogʻchaga qabul qilish yoshi nima uchun uch yosh etib belgilanganiga izoh berildi. “Ikki yoshni bolani parvarish qilish mumkin, lekin unga bu yoshda taʼlim berish imkonsiz. Bola uch yoshdan keyingina taʼlim olishga yoʻnaltirish mumkin boʻladi. Lekin biz nodavlat taʼlim muassasalariga bolalarni ikki yoshdan qabul qilishga ruxsat berganmiz”, — dedi Agripina Shin.
Vazir, shuningdek, elektron navbatlar borasidagi muammolarga ham izoh berdi: “Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, maktabgacha taʼlim tizimida Davlat xizmatlari agentligi va UzInfoCom bilan birgalikda elektron navbat yoʻlga qoʻyilgan edi. Biroq, dastur faoliyati tahlil qilinib, shaffoflik nuqtai nazaridan 20 iyun kuni toʻxtatib qoʻyilgan edi. Dastur UNICEF va OpenEMIS kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda takomillashtirildi. Hozir mavjud muammolarni hal etish boʻyicha katta guruh ishlamoqda va dushanba kuni dastur faoliyati qayta tiklanadi”.
Matbuot anjumanida bolalarning sogʻlom ovqatlanishi bilan bogʻliq jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Agripina Shin oshpazlar yetishmasligi muammosini tilga oldi: «Bolalarda ovqat sifati — eng ogʻriqli masala. Biz tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bogʻchalarda ovqatlarning sifatini muntazam oʻrganib boramiz. Bu borada asosiy muammolardan biri — bolalar oshxonasiga mutonosib ovqat pishiradigan oshpazlar yoʻqligi. Oshpazlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalarida ham faqat jamoatchilik uchun ovqat tayyorlash oʻrgatiladi. Shu bois pedogogika kollejlarida bolalar oshpazligi boʻyicha yoʻnalish ochish lozimligi haqida takliflar berilgan va biz shu orqali ushbu masala hal etilishidan umid qilamiz”, — dedi vazir.
Matbuot anjumanida vazirlik mutasaddilari jurnalistlarning bogʻchaga kanstovar mahsulotlari va gigiyena vositalarining ota-onalardan talab qilish qanchalik toʻgʻri ekanligi borasidagi savoliga javob qaytarishdi.
“Ota-onalar bogʻchaga kanstovar mahsulotlarini olib borishi mumkin, ammo tarbiyachilar gigiyena vositalarini talab qilishi mumkin emas. Chunki, ushbu mahsulotlar uchun byudjetdan pul ajratiladi”, — dedi vazir oʻrinbosari Maqsudjon Yuldoshev.