Aziz yoshlar, siz uchun yana bir imkoniyat: Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida oʻqishni istaysizmi?

0
290
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti 2018-2019-oʻquv yilining 4 oylik qayta tayyorlash oʻquv kursida taʼlim olish uchun tanlov eʼlon qiladi.

 Hujjatlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlarida 2018 yilning 29 iyuliga qadar qabul qilinadi. Nomzodlar oliy maʼlumotli, 30 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari hamda oliy taʼlim muassasasini tugatgandan keyin kamida 2 yil ish stajiga ega, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlardan xabardor, yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida chuqur bilimli, masʼuliyatli, tashabbuskor, yetakchilik, ishbilarmonlik qobiliyati va jamoa bilan ishlash tajribasi mavjud davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlarining rahbar xodimlari yoki mutaxassislari boʻlishlari lozim.

 Nomzodlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  1. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlarining birinchi rahbarlari imzosi bilan tavsiyanoma;
  2. Institut direktori nomiga yozilgan ariza;
  3. Soʻrovnoma, maʼlumotnoma-obyektivka (yaqin qarindoshlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda);
  4. Oliy maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjat va ilovasining nusxasi, topshirishda hujjatning asl nusxasi koʻrsatiladi;
  5. Mehnat daftarchasining nusxasi;
  6. 086-U shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
  7. 3,5 x 4,5 sm. oʻlchamli 6 ta rangli fotosurat;
  8. Pasport nusxasi, topshirishda hujjatning asl nusxasi koʻrsatiladi.

 Hujjatlarga nomzodning ish faoliyati davomidagi muayyan yutuqlarini (mukofotlari, ixtiro patentlari va boshqa erishilgan yutuqlarini) aks ettiruvchi hujjatlar nusxalari ilova qilinishi mumkin.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar ikki bosqichli tanlovdan oʻtadilar.

Birinchi bosqichda Oʻzbekiston tarixi, iqtisodiyot nazariyasi va huquqshunoslik fanlari boʻyicha nomzodlarning bilimini aniqlashga qaratilgan test sinovlari, ikkinchi bosqichda esa nomzodlarning salohiyati, bilim saviyasi va dunyoqarashi, boshqaruv qobiliyati, ijtimoiy va maʼnaviy-axloqiy darajasi, psixologik barqarorligi, tashkilotchiligi, qadriyatlari, yetakchiligi, vatanparvarlik xususiyatlarini va jamoa bilan ishlash koʻnikmalarini aniqlashga qaratilgan suhbat oʻtkaziladi.

Batafsil maʼlumotlarni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va hududiy Kengashlardan olish mumkin.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Axborot xizmati

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.