Savol: Tarbiya avvalo, nimalarni talab qiladi?
Javob: Tarbiya bizdan koʻp narsalarni talab qiladi. Masalan, oila muqaddasligini chuqur anglash kerak. Avlodlar oʻzgarishi mumkin, yillar bir-biriga oʻxshamasligi mumkin. Ammo yurakdagi mehr-muhabbat hech qachon oʻzgarmaydi. Muhabbat bu- avvalo inson oʻziga ishonishi, oʻzini hurmat qilish uchun ham jasorat talab qiladi. Farzandlar oʻzidan oʻzi katta boʻlib qolmaydi ularga kiyim, oziq-ovqat, uy-joy zarur. Shuningdek, albatta taʼlim olishi uchun sharoit kerak. Afsuski, hozirgi kunda ular uchun qoʻl telefoni zarur deb hisoblashadi. Biroq farzandlar tarbiyasi uchun eng muhimi insoniy samimiyat va ota-onaning eʼtibori va mehr-muhabbatidir. Shunaqangi meʼyorlar mavjudki ularni oʻzgartirish mumkin emas. Bu insonnig biologik xususiyatlari hisoblanadi.
Kelajak avlodni tarbiyalashda ota-ona tengligi, mehr-muhabbatli ota- ona, oila kerak.
Savol: Bolalar xulq-atvoriga oʻzi yashayotgan muhitni taʼsiri bormi? Bolalar oʻzlari yashayotgan hayotdan nimalarni oʻrganadilar?
Javob: Albatta bor. Har bir bola oʻzi bir moʻjiza! Har bir oila oʻzi bir saltanat! Shuning uchun oʻzaro munosabatda juda ehtiyotkorlik darkor. Donishmandlarning taʼkidlashicha:
Agar bola tanqidiy ruhda yashasa, u ayblashni oʻrganadi.
Agar bola adovat bilan yashasa, u urishishni oʻrganadi.
Agar bola qoʻrquvda yashasa, u qoʻrqoqlikni oʻrganadi.
Agar bola afsusda yashasa, u afsuslanishni oʻrganadi.
Agar bolaning ustidan koʻp kulishsa, uyatchan boʻlishni oʻrganadi.
Agar bola qiziqish bilan yashasa, u havas qilishni oʻrganadi.
Agar bola uyat bilan yashasa, u aybdorlik hissini oʻrganadi.
Agar bola qoʻllab-quvvatlash bilan yashasa, u oʻziga ishonishni oʻrganadi.
Agar bola bagʻrikenglikda yashasa, u sabrli boʻlishni oʻrganadi.
Agar bola maqtov bilan yashasa, u qadrlashni oʻrganadi.
Agar bola tan olish bilan yashasa, sevishni oʻrganadi.
Agar bola rostgoʻylik va adolatda yashasa, u haqiqat va adolat nimaligini oʻrganadi.
Agar bola xavfsizlikda yashasa, u oʻziga va atrofidagilarga ishonadi.
Agar bola doʻstlik bilan yashasa, u yer yuzi yashash uchun ajoyib joy ekanligini anglaydi.
Agar siz osoyishtalik bilan yashasangiz, sizning farzandingiz ham osoyishtalikda yashaydi.
Savol: bolalar ulgʻaygan sari xulq-atvor oʻzgarishi maʼlum. Ammo qaysi yosh davrida xulq-atvor keskinlashishi mumkin?
Javob: psixolog-pedagoglar har bir yosh davrlarida xulq-atvorning oʻzgarishi qayd etadilar. Yaʼni:
10-yoshli bolalar muvozanatli hayotni tez idrok etuvchi, ishonuvchan, ota-onalariga itoatli, tashqi qiyofa haqida koʻp eʼtiborsiz boʻlganligi bois bu oltin yosh hisoblanadi.
11-yoshli bolalar organizmida qayta qurish yuz beradi, xulq-atvorida salbiy illatlarni namoyon qiladi, kayfiyati tez oʻzgaradi, ota-onalariga nisbatan norozilik bildiruvchi.
12-yosh tez jazavaga tushuvchan, dunyoga nisbatan ijobiy munosabat shakllanadi, oʻsmirda oilasiga nisbatan avtonomlik va tengdoshlariga taʼsiri ortadi. Ularda aqllilik, hazil-mutoyibaga moyillik, chidamlilik, tashabbuskorlik, tashqi qiyofa va qarama-qarshi jinsdagilarga eʼtibori orta boshlaydi.
13-yosh oʻzining ichki dunyosiga eʼtiborlik, introvertlik xos boʻladiki, ular oʻzini oʻzi tanqid qilishga, va tanqidlarga nisbatan taʼsirlanuvchan, ota-onalarga tanqidiy munosabat bildiruvchi, doʻst tanlovchi boʻladi, shuningdek bu davrda toʻlqinlanish va hayojonlanish ortadi.
14-yosh oʻsmirlardagi introversiya ekstroversiyaga almashinadi, shijoatli, xushmuomila, oʻziga ishonch ortadi, boshqalarga eʼtibori ortadi va ular oʻrtasidagi farqni ajrata boshlaydi.
15-yosh— bu yoshdagilar uchun mustaqillik orttadi, bu esa ularning oila va maktab bilan bogʻliq zoʻriqishlarga duchor etadi. Ularni guruhli harakat qilishga va guruhdagilarga moslashishga intilishi ortadi.
16-yosh oʻspirinlar hisoblanib, ularda muvozanatlashuv, hayotdan quvonish, ichki mustaqillik, emotsional barqarorlik, muomalaga moyillik, kelajakka intiluvchanlik ortadi.
Yuqorida sanab oʻtilgan holatlar yosh davrlarni xarakterli jihatlarini sharhlab oʻtdik, chunki yosh xususiyatlarining psixologik tavsifi, bolalarni xulq-atvoridagi oʻzgarishlarni baholash imkoniyatini beradi. Aynan yuqoridagi yosh xususiyatlarini hisobga olgan olda oʻz farzandingizni tarbiyalash ancha samara beradi.
Savol: Ota-onaning farzand jinsini oldindan belgilab olishga intilishi toʻgʻrimi?
Javob: Avvalo, har bir ota-ona boʻlgʻusi farzandini qizmi yoki oʻgʻil bola ekanligini bilishga qiziqadi. Buni tibbiyot yutuqlari orqali oldindan aniq aytish imkoniyati mavjud. Ammo, siz tugʻulajak farzandingizni qiz yoki oʻgʻilligini bilmagangiz maʼqul. U sizga kutilmagan “yoqimli voqea” boʻlib qolsin. Siz orzu qilgan va xoxlaganigizday farzand tugʻulmasa, ota-onalarning psixikasiga taʼsir etadi. Natijada ota-onalar bilan farzand oʻrtasida mehrsizlik, umidsizlik vujudga keladi. Eng muhimi ota-ona farzandini qanday boʻlsa shunday qabul qilishi lozim. Chunki, har bir bolada tabiat tomonidan berilgan qabiliyat, xarakter mavjud boʻladi. Ota-ona farzandni yaratuvchi emas. Balki farzandining psixologik xususiyatlarini toʻgʻri shakllantirish va rivojlantiruvchisidir.
Tarbiyasi ogʻir bolalarni paydo boʻlishining negizida notugʻri tarbiyalash yotadi. Har bir bola hayotda oʻzini jismoniy yoki ruhiy jihatdan qoʻllab-quvatlashga ehtiyoj sezadi.
Savol. Men ota-ona sifatida bola tarbiyasida eng avvalo nimani bilishim kerak?
Javob: Bu faoliyat uchta pagʻonadan iborat.
1-pagʻona: avvalo bola oʻz “Men”iga nisbatan munosabatini anglashi kerak. Bu goʻdaklik va maktabgacha davrda boʻlib oʻtadi. “Qaysarlik davri” –deb atashimiz mumkin.
2-pagʻona: bunda avvalo “Sen” olamini rivojlanishi. Yaʼni, oʻzining yaqinlari, ota-onasi, doʻstlari, akalari, qorindoshlari, atrofdagi muhit bilan hayotiy sinovlar va ichki kurash boshlanadi.
3-pagʻona: Balogʻatga yetilish davri. Juda murakkab davr. Bu borada qdriyatlarimizga suyanib, keksalarning maslahatini olib turish kerak.
Savol. Farzandimni haddan ortiq yaxshi koʻrib tarbiyalashim toʻgʻrimi?
Javob: Albatta, farzandingizga yetarlicha mehr berib, aytganini muhayyo qilib tarbiyalasangiz shuncha yaxshi tarbiyalanadi deb oʻylasiz. Ammo, hamma vaqt ham bu toʻgʻri kelavermaydi. Bolani tarbiyalashga teskari taʼsir etuvchi bir qator omillar borligini ham unutmaslik kerak. Har bir bola takrorlanmas boʻlib, oʻziga xos “dastur”ga ega. Bir bolaning “dastur”i ikkinchi bolanikiga umuman oʻxshamaydi. Bu uning taqdiri. Bolani tarbiyalash natijasida ota-onaga bogʻlanib qolishi kerak emas.
Savol: Bolalarni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalash uchun nima qilish kerak?
Javob: Buning uchun:
1-dan, bolalarni yoshligidan boshlab yosh xususiyatlarniga xos mehnat turlarini bajarishga oʻrgatish;
2-dan, bolalarni mehnatini sirtdan nazorat qilish;
3-dan, mehnat anjomlaridan foydalanish malakasini hosil qilish;
4-dan, ularni asrab-avaylab saqlashga va undan foydalangandan keyin uni joy-joyiga qoʻyishga odatlantirish;
5-dan, oʻz mehnatini mahsuli va undan foydalanishga oʻrgatish;
6-dan, kattalar mehnatiga taqlid qilish va uni hurmatlash;
7-dan, oʻz va jamiyat mulkini avaylashga oʻrgatib borish muhimdir.
Bolalarni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalash va uni jahon andozalari darajasiga yetkazish hozirgi zamon talabidir.
Bolalarimizni mexnatevarlik ruhida tarbiyalash yangicha asoslarda, yaʼni 1-dan milliy qadriyatlarimiz zaminida va 2-dan, rivojlangan mamlakatlar tajribasi, yaʼni namunaviy jahon andozalari asosida yoʻlga qoʻyilishi lozim.
Orif Avlayev,
ToshDAU “Oʻzbek tili, pedagogika
va psixologiya” kafedrasi dotsenti