Bolalarni maktabga qabul jarayonini yanada takomillashtirish, jumladan ixtiyoriy pullik toʻlovni butunlay bekor qilish boʻyicha takliflar muhokamaga qoʻyildi, deyiladi Xalq taʼlimining rasmiy saytida.
Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 maydagi qarori bilan “Bolalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlangan edi. Ushbu maʼmuriy reglament ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari, internet tarmogʻi hamda jamoatchilik orasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Eslatib oʻtamiz, amaldagi maʼmuriy reglamentda ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida toʻlovni amalga oshirganidan soʻng quyidagilar uchun qoʻshimcha kvota ajratilishi belgilangan edi:
a) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalar;
b) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, yaʼni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 avgustiga qadar 7 yoshga toʻlmaydigan bolalar;
v) umumtaʼlim muassasalarida (mikrohudud va mikrohududdan tashqari) taʼlim berish tili boʻyicha boshlangʻich bilim (muloqot qilish) koʻnikmasiga ega boʻlmagan bolalar uchun ariza beruvchilarning ixtiyoriy roziligi asosida yigʻim undirilishi belgilab qoʻyilgan edi.
Ushbu koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari uchun toʻlov miqdori hamda qoʻshimcha kvota boʻyicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi hamda Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadigan toʻlov bekor qilinmoqda.
Qoʻshimcha kvota asosida ota-onalarning ixtiyoriy roziligi bilan pullik toʻlov orqali maktabga joylashtirish tartibi ham bekor qilinmoqda.
Eslatib oʻtamiz, qaror loyihasi boʻyicha jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 5 avgustiga qadar davom etadi.
Tahririyat nomidan Raʼno Zaripova: Bolalarni maktabga qabul jarayonida ixtiyoriy pullik toʻlovni butunlay bekor qilish boʻyicha takliflar muhokamaga qoʻyilgani maʼqul boʻldi. Bu borada koʻplab mulohazalar aytilayotgan edi. Ayniqsa buvi va bobolarning noroziliklari kuchaygandi. Hamma farzandimning ogʻirini yengil qilay deydida. Masalan, Mashhura Safayeva shunday deydi: «Meni yetti farzandim bor. Ular oʻz oilasi bilan Toshkent shahrining turli tumanlarida yashaydilar. Ular hamisha maktabga bolalarini men yashaydigan massivdagi maktablarga berishadi. Ular ishdan kelguncha nevaralarimni maktabdan olib, yedirib ichirib, oʻqitib turaman. Ishdan chiqib bolalarini olib ketishadi. Oʻz nevaramni yonimdagi maktabda oʻqitishim uchun pul toʻlashim kerakmi? Umuman bu inson huquqlarining cheklanishi emasmi?».
Taklif: Baʼzi ota-onalar farzandini oʻzining ishxonasi atrofidagi maktablarga beradi. Ertalab birga keladi va kechqurun birga qaytadi. Oʻqishdan keyin maktabdagi turli mashgʻulotlarda qatnashishini taʼminlaydi. Albatta, bu taʼminlashlar ham chiqim boʻladi. Sport mashgʻulotlariga, qoʻshimcha darslarga, koʻz-quloq boʻlib turgani uchun tarbiyachiga toʻlanadi. Bir paytlar maktablarda kuni uzaytirilgan guruhlar boʻlardi. Ota-ona ishdan chiqquncha bolalarini shu guruhlarda qoldirishardi. Ushbu guruhda bolalar ovqatlantirilardi, darslarini tayyorlatib oʻtirishardi. Albatta bu ham ixtiyoriy boʻlardi. Maktabga qoʻshimcha daromad kerak boʻlsa, ana shuni tashkil qilish maqsadga muvofiqroq deb oʻylayman. Bola ham munosib tarbiya topadi, ota-onaning ham koʻngli tinch boʻladi.