Bugun loʻlilar qanday hayot kechirishmoqda?

0
980
marta koʻrilgan.

Darhaqiqat, bugun loʻlilar qanday hayot kechirishmoqda? Bu savol koʻpchilikni qiziqtiradi.

Mamtalakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Ularga koʻmak beruvchi hamda manfaatlarini himoya qiluvchi jamgʻarma, madaniy –maʼrifiy markazlar faoliyat yuritadi. Mamlakatimizda turli millat vakillari bir-birini tushinib, milliy urf-odatlarini qadrlab doʻstona yashab kelmoqdalar.

 Biz bilan bir osmon ostida istiqomat qilib kelayotgan millatlar orasida loʻlilar alohida ajralib turadi. Albatta, ularning rangi yoki baʼzi urf-odatlarini nazarda tutmagan holda aytayapman. Bu qavm kishilarida iroda kuchli, dinga eʼtiqod mustahkam. Ayniqsa, ota-bobolariga boʻlgan hurmatini hech bir soʻz bilan izohlab boʻlmaydi. Ammo qavmning bir aybi bor, bu ham boʻlsa rahmdil va oʻta koʻngilchan. Shuning uchun ham oʻzlarini  nojoʻya xafa qilgan odamlarni kechirishi qiyin kechadi…

Koʻp yillar loʻlilar mehnati qadrsizlandi, Ikkinchi jahon urushi yillarida ular eng ogʻir ishlarga jalb qilinib,  oz miqdorda maosh toʻlandi. Aslini olganda mashaqqatli oʻsha yillar  oʻzbek bolalari oyogʻi ostiga stul qoʻyib dastgohlar oldida front uchun mehnat qilishgan. Ana shu ogʻir damlarda ular ham yelkama yelka turishgan. Oʻrmonga oʻt ketsa hoʻlu quruq daraxt baravar yonadi deydiku xalqimiz.

Biroq, ularning baʼzilari hamon tilamchilik qilib, hayot kechirishadi.  Bunga ota-bobolarining qadriyati deya qarashadi. Ammo mahalliy aholining turmush tarzini  oʻziga singdirgan, el qatori ishlab, munosib hayot kechirayotgan, irodasi mustahkam millatining yuzi koʻzi boʻlayotgan ziyoli, hunarmand  insonlar ham bor.

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Damariq mahallasi va tuman markazi yaqinidagi qishloqlarda 100 dan ortiq loʻli millatiga mansub xoʻjalik istiqomat qiladi. Zarafshon daryosi boʻyidan uncha uzoq boʻlmagan kamtaringina uylar qurilgan mahallaga begona odam kirsa,  uni fol ochirgani, gʻamu dardidan holi boʻlgani keldi, deb oʻylasharkan. Darhaqiqat loʻlilar azal-azaldan shu ishlar bilan shugʻullanib kelishgan.

 Bu yerda oʻzbek va loʻlilar aralash yashaydi. Mahallaning asosiy koʻchasidan kirsangiz,  pastqam uylar va tor koʻchalar sizni Poʻlat Mirzayev xonadoniga eltadi. Poʻlat bobo 1952 yil shu tumanda tavallud topgan. Yashash joyiga yaqin 20-maktabni tamomlagan. 1970 yil millatdoshi Shobuvi ismli qizga uylanadi. Harbiy xizmatga borib kelib, jamoat ishlariga aralashadi, davlat ishlarida   ishlaydi. Turmush oʻrtogʻi bilan 10 nafar  bolani tarbiyalaydi. Hozir 35 nafar nabiraga tarbiya berib,  farzandlariga bosh-qosh  boʻlib kelmoqda.

–  Mahallada toʻy-hashamlarga aytishadi,– dedi Mirza Poʻlatov. – Tumanda kim bilan salom-aligimiz boʻlsa, albatta, yaxshi va yomon kuniga boramiz. Doʻstona aloqalarimiz mavjud. Yoshligimdan jamiyatda oʻz oʻrnimga ega boʻlishga harakat qilganman. Barchamizning boradigan manzilimiz bir, barchamizni Olloh yaratgan. Shuning uchun jamiyatdan, dunyodan uzilib, alohida yashashni xush koʻrmayman.

Darhaqiqat, bu xonadonda  tugʻilgan farzandlarning hammasi uyli-joyli, oʻgʻil-qizlar oʻz-oʻzidan koʻpayib tinchib ketgan. Baxtli hayot kechirmoqda. Boshpanasizlik bu xonadon  uchun uyat. Shuning uchun oilada oʻgʻil farzand dunyoga keldimi, otasi unga uy-joy koʻtarishga kirishadi. M. Poʻlatovning olti nafar oʻgʻli bor. Oʻgʻillari paxsadan uy qurish ishlarini oʻrganib olishgan.  Ular qurgan pahsa devorlar mahallada mustahkamligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham qish tugab havolar isigach, yangi uy koʻtarmoqchi boʻlgan odamlar  Poʻlat boboning xonodoniga oʻgʻillarini, nevaralarini  yoʻqlab kelishadi. Yana ular dehqonchilik sir-sinoatlrini ham oʻrganib olishgan. Uylarining atrofi bogʻu rogʻlar bilan oʻrolgan. 

“Bugun loʻli desa odamlar nazdida faqat tilanchilik qilib kun kechiradigan qavm tushuniladi. Tilanchilikni biz allaqachon eskilik sarqitiga  chiqarib qoʻyganmiz.  Hunarimiz bilan, kasb-korimiz bilan mashgʻulmiz. Ayrimlar ishsizlikdan bola boqish ilinjida bitta-ikkita loʻli rizqini terib, fol koʻrib, koʻchama-koʻcha yurgan boʻlishi mumkin. Ammo koʻchadan »baklashka», elning eski-tuski buyumlarni yigʻib, maxsus joylarga topshirib, halol pul topayotganlari koʻpchilikni tashkil etadi. Buning hech qanday yomon tomoni yoʻq. Amerikaning mashhur milliarderlaridan biri oʻz faoliyatini eski-tuskini olib-sotishdan boshlagan ekan”–  deydi Poʻlat boboning oʻgʻli.

 Ushbu xonadon yetakchisi bolalariga yoshlikdan rizqi butun boʻlsin, deya tirikchilik qilish, har qanday vaziyatda ham kun koʻrib ketishni, sabrli boʻlishni uqtiradi. Shuning uchun ham qavm bolalari yerga ursa koʻkka sapchiydi. Yomgʻirga ham,  doʻlga ham chidamli, elning koriga yarayapti.

 – Maktabni tamomladim,– deydi xonadonning yana bir vakilasi  Tursunoy Mirzayeva. – Birinchi sinfga borganimda tengdoshlarim meni haqorat qilardi, kamsitardi. Ammo yaxshi oʻqib, tadbirlarda faol ishtirok etib, sabr-toqatim bilan ularni eʼtiborini, mehrini qozondim. Hozir ahilmiz. Bolalikdagi tengdoshlarimning bilib-bilmay qilgan haqoratlarini unutganman. Loʻlining bolasi koʻp boʻlgani doimo koʻchada yurgani uchun hammasini ham savodini chiqarishi shart emas, degan gap yuradi xalq orasida. Ammo bu gaplar allaqachon, eskilik sarqitiga aylanib ulgurdi.

 –  Maktabga bormaganman. Onamga ergashib yurib, tirikchilik qilganman, rizq terib, vaqt oʻtganini ham bilmay qolganman. Baribir oʻqish kerak ekan. Hatto shu oddiy majburiy taʼlimni olmaganim uchun koʻp yerlarda pand yeb qolganman. Shuning uchun ham farzandlarimni hammasini oʻqitdim,  ularga sogʻlom turmush tarzini munosib koʻrdim– deydi xonadonning yana bir vakilasi.

Olimlarning taʼkidlashicha, loʻlilarning vatani – Hindiston boʻlib,  mashhur shifokorlar, koʻplab amaldorlar va maʼrifatli insonlar, amerikalik tadbirkorlar shu qavmdan chiqqan. Koʻp uzoqqa bormay yurtimizdan misol keltirsak, buxorolik oʻqituvchilar, navoiylik fermerlar, vodiylik nonvoy va hunarmandlar, koʻplab sanʼatkor, olim va fan olami kishilari ham shu qavmdan yetishib chiqib, Oʻzbekistonni yurtim deb unga munosib xizmat qilishmoqda. Bu haqida Mirza bobo bir-bir gapirib beradi.

Mirza boboning xonadonidan chiqib ketar ekanman, umuminsoniy qadriyatlarni, sogʻlom turmush tarzini ulugʻlab yashayotgan xonadon ekan degan fikrlar oʻtdi xayolimdan.  Qavm kishilarining Xatirchi muhitiga moslashganini va hatto mahalliy aholining ayrim urf-odatlarini oʻzlashtirganini, oʻtroq yashashga oʻrganganini, ilm va hunar egallashga intilishlarini  sezdim. Chunki bobo Xatirchilardek lutf koʻrsatib, yoʻqlab kelganim uchun oʻz minnatdorchiligini bildirib,  koʻchagacha kuzatib qoʻydi.

Dilobar Asliddin qizi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.