Bugun yana 8 nafar bemor koronavirus kasalligidan forigʻ boʻldi

0
143
marta koʻrilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi  maʼlumotiga koʻra koronavirus pandemiyasi tufayli jahonda xavotirli vaziyat yuzaga kelganiga qaramay, unga qarshi qatʼiy kurash choralari ham oʻz samarasini bermoqda. Natijada, kasallanganlar soni oshib borishi bilan birgalikda, sogʻayganlar soni ham oʻsmoqda. Jons Xopkins universitetining koronavirus tarqalishini real vaqt rejimida kuzatish onlayn xizmati maʼlumotlariga koʻra, jahonda 332 mingdan ortiq odamlar ushbu kasallikdan forigʻ boʻlishdi.

Yurtimizda ham koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar orasida butkul sogʻayganlar soni oshib bormoqda. Bugun ulardan yana 8 nafari kasallikdan forigʻ boʻldi. Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa masʼullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Shunday qilib, ayni paytda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemordan 38 nafari butkul sogʻayganini mamnuniyam bilan aytishimiz mumkin. Tuzalganlarning kun sayin koʻpayib borayotganida esa, avvalambor, shu sohada faoliyat olib borayotgan fidokor tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi mujassam. Shifokorlar bemorlarni davolashda dunyo tajribasi, xususan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator mamlakatlarning eng nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanishmoqda. Bundan tashqari, Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, har bir bemorga ikki nafardan shu sohada koʻzga koʻringan tajribali mutaxassislar jalb qilinib, standartlar boʻyicha davolash choralari koʻrilmoqda.

Shuningdek, shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatimizning yetuk pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog, reanimatolog kabi qator mutaxassislar bilan telemuloqot oʻrnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olayotgani ham qoʻl kelmoqda. Tor mutaxassislar bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qoʻyish va davolash imkonini berayapti.

Yana bir guruh sogʻaygan bemorlarni kuzatish marosimida Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanov fidokor tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, hozirda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarda ham tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sogʻayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda qahramonlarcha kurashmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.