AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidlemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi Nurmat Otabekov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
SAVOL: Ishxonada rahbariyatning niqob taqmasdan ishlaganda ishdan boʻshatish bilan tahdid qilishi toʻgʻrimi?
JAVOB: Ish beruvchi ish vaqtida niqob taqishni majburiy qilishi va tegishli buyruq yoki koʻrsatma berishga haqli.
SAVOL: Koʻchada havo issiq, harorat uyda 36,7 daraja (simobli issiq oʻlchagichda) koʻrsatib, biror jamoat joyiga kirishda 37,2 darajani koʻrsatyapti. Bu axir issiq havoda yurish taʼsirida oshishi mumkinku?
JAVOB: Pirometr — masofadan turib issiqlikni oʻlchash asbobi. Pirometr tana haroratini oʻlchashda yuqori xatolikka yoʻl qoʻymaydi — bu holat ±1,0% koʻrsatkichga teng. Shundan kelib chiqqan holda, pirometr ham yanglishishi mumkinligini hisobga olish lozim.
SAVOL: Rossiyadan qaytganimdan soʻng 14 kun karantinda oʻtirdim. Barcha test natijalari «manfiy» chiqqandan soʻng uyga qaytdim. Endi mahalla ham 14 kun karantinda oʻtirishimni aytyapti. Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus maʼlumotnomasi inobatga oʻtmaydimi?
JAVOB: Koronavirus infeksiyasining yashirin davri 14 kundan uzoq boʻlishi mumkinligini hisobga olganda, yana 10 kun uyda oʻzini izolyasiyalash zarur.
SAVOL: Aholi orasidan chiqayotgan kasallar 100% karantinga olinyaptimi? «Simptomsiz» kasallik qanday aniqlanmoqda?
JAVOB: Aholi orasidan chiqqan bemorlar, epidemiologik surishtiruv natijalariga koʻra, birlamchi muloqotda boʻlgan shaxslar karatinga olinadi, ikkilamchi muloqotdagi shaxslar — uy sharoitida 14 kun izolyasiya qilinadi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan uy sharoitida (oʻz yashash uyi, mehmonxona, yotoqxona va boshqalar) karantin ostida tibbiy nazoratda boʻlgan shaxslar 14 kunlik karantin tartiblariga rioya etishlari ustidan nazorat oʻrnatiladi.
SAVOL: Chet eldan kelgan fuqarolarning yuklarida ham kasallik boʻlishi mumkin. Ularni nima qilishadi?
JAVOB: Chet eldan kelgan fuqarolarimiz karantinga olingan vaqtda ularning yuklari qanday yuk turiga kirishidan qatʼiy nazar 100% zararsizlantiriladi.
SAVOL: Ishxonada ish kabinetida konditsioner orqali yuboriladigan havodan kasallik tarqalishi mumkinmi?
JAVOB: Markazlashgan umumiy konditsionerlar orqali virus havo orqali yuqishi mumkin.
SAVOL: Charter reys bilan olib kelinadiganlarni kutib olish yoki ular bilan koʻrishish mumkinmi?
JAVOB: Charter reyslar bilan olib kelinadigan fuqarolarni kutib olish va uchrashishga ruxsat berilmaydi, ular aeroportning oʻzidan toʻgʻri karantin zonasiga olib ketiladi.
Manbaa:@aoka_uz