Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Avia va avtomobil transporti infratuzilmasini, jumladan, jamoat transportini yanada rivojlantirish strategiyasi” mavzusida brifing boʻlib oʻtdi.
Unda mamlakatimiz transport tizimini rivojlantirish, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Tadbirda respublikamizning geografik joylashuvida transport logistikasi juda muhim oʻrin tutishi qayd etildi. Mazkur yoʻnalishda mavjud infratuzilma xususida toʻxtalib oʻtildi.
“Hozirda mamlakatimiz temir yoʻllarida 24 mingta yuk vagoni, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” tarkibida 2 ta yuk tashish uchun ixtisoslashtirilgan havo kemasi hamda xalqaro avtomobil yoʻnalishlarida yuk tashishga moʻljallangan 9 200 taga yaqin katta hajmli yuk avtotransport vositasi mavjud, — dedi Transport vaziri oʻrinbosari Ilhom Mahkamov. — Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, respublikada yillik saqlash va qayta ishlash quvvati 3 mln tonnaga yaqin boʻlgan 7 ta yirik xalqaro logistika markazi va 29 ta tovar-transport bazasi mavjud”.
Maʼlum qilinishicha, 2018 yilda Oʻzbekistonning tashqi yuk tashuvi aylanmasi 40 mln 548 ming tonnani, shundan eksport yuklari 10 mln 802 ming tonnani, import yuklari 21 mln 827 ming tonnani va tranzit yuklari 7 mln 918 ming tonnani tashkil etgan.
Jurnalistlar bilan mulovot davomida logistika sohasini rivojlantirish maqsadida qanday loyihalarni joriy etish rejalanayotgani bildirildi.
“Oldimizda Oʻzbekistonning tranzit salohiyatini oshirib, uni Markaziy Osiyo mintaqasidagi transkontinental transport koridorlarining muhim tarkibiy qismiga qoʻshish vazifasi turibdi, — dedi Transport vaziri oʻrinbosari Davron Dehqonov. — Buni logistika markazlarini rivojlantirishga yetakchi xorijiy kompaniyalar va investorlarni jalb qilish orqali amalga oshirish koʻzda tutilgan. Hozirda “Navoiy” xalqaro aeroporti va xalqaro multimodal logistika markazi bazasida “Navoiy quruqlik portini tashkil etish” boʻyicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri “Dubai Port World” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda”.
Ushbu loyihani amalga oshirishdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoda yuk transport xabiga aylantirish, tranzit salohiyatini kengaytirish va logistika xarajatlarini kamaytirishdan iborat ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, “Bir makon, bir yoʻl” global transport koridorlari doirasida “Andijon – Oʻsh – Irkeshtam – Qashgʻar” temir yoʻlini qurish va ushbu yoʻlni Sharq bilan Gʻarbni bogʻlovchi asosiy temir yoʻlga aylantirish rejalanayotgani maʼlum qilindi.
Vazirlik vakillari Mazori Sharif – Hirot va Mazori Sharif – Peshavar temir yoʻllarini qurish orqali Hind okeanining portlariga chiqish va ishlab chiqaruvchilarimiz Hindiston, Pokiston, Eron kabi yangi bozorlarga chiqishiga imkon yaratish maqsad qilingani aytildi.