Farzandlikka olish juda qadimiy huquqiy institut boʻlib, hozirgi zamon huquq tizimida oʻz ifodasini topgan, ota-ona vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga joylashtirishdan iborat.
Farzandlikka olish Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.
Farzandlikka olish munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy normalar ota-onasi boʻlmagan yoki har xil sabablarga koʻra ular tarbiyasidan mahrum boʻlib qolgan bolalarga oilaviy tarbiyani taʼminlab, bolalar huquq va manfaatlarini qoʻriqlashga qaratilgandir.
Farzandlikka olish huquqiy dalolatnoma boʻlib, bunga asosan farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinuvchilar oʻrtasida ota-onalar bilan bolalar oʻrtasidagi kabi huquqiy munosabatlarni vujudga keltiradi.
Farzandlikka olish tufayli bolalar yangi ota-onalarga va boshqa qarindosh-urugʻlarga ega boʻlib oʻzlarining ota-onalari va qarindosh-urugʻlari bilan huquqiy munosabatni tugallaydi.
Oʻzining belgilangan maqsadi boʻyicha farzandlikka olish instituti juda insonparvar institutdir. U oʻz ota-onalaridan maxrum boʻlgan yoki ayrim sabablarga koʻra ota-ona tarbiyasini olaolmaydigan bolalarga normal oilaviy tarbiyani taʼminlashga qaratilgandir. Farzandlikka olish tufayli ota-onasini yoʻqotgan bola boshqa oilaga joylashtirilib, unga oilaviy tarbiya beriladi. Farzandlikka olinuvchilar farzandlikka oluvchilar tufayli hamma masalalarda ota-onasini oʻrnini bosadigan shaxslarga ega boʻladilar.
Farzandlikka olish tufayli bolalari boʻlmagan shaxslar otalik va onalikdan iborat boʻlgan tabiiy extiyojlarini qondiradilar.
Farzandlikka olish – bu oʻzganing farzandini oʻz farzandiga tenglashtirib olishdir. Farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida tuqqan ota-ona bilan bolalar oʻrtasidagi kabi huquqiy munosabatlar vujudga keladi.
Farzandlikka olish farzandlikka oluvchi (uning qarindoshlari) hamda farzandlikka olinganlar (ularning boʻlgʻusi avlodlari) oʻrtasida qonunda ota-ona va bolalarga nisbatan belgilangan qonun hujjatlarida maxsus koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼiy nazar, barcha shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlarni vujudga keltiradi.
Oysha Oxunova, huquqshunos