Inson hayoti davomida nikoh, tugʻilish, ajralish va oʻlim kabi xush va noxush voqealar bilan toʻqnashadi. Ana shunday paytlarda ularni qonuniy qayd etishda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlariga murojaat etadi.
Darhaqiqat, FHDYo muassasalari oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajralishlarning oldini olish boʻyicha barcha chora-tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Aholiga tezkor ravishda FHDYo arxiv maʼlumotnomalari va axborotini olish imkoniyatini beruvchi fuqarolik holati yagona elektron arxivi shakllantirilmoqda. Elektron arxivning toʻliq ishga tushirilishi natijasida zarur maʼlumotlarni olishga bir necha kun emas, balki muayyan daqiqalar sarflanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoniga asosan 2018 yil 1 iyuldan boshlab, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik taʼminlash, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish, uning hududiy arxivlariga rahbarlik boʻyicha vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDYo organlari tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari tasarrufiga oʻtkazildi va bu sohadagi ishlarni doimiy tahlil qilish tizimi yoʻlga qoʻyilib, bir qator ishlar amalga oshirildi.
Shunga koʻra, amaliyotda vujudga kelishi mumkin boʻlgan noaniqliklarning oldini olish maqsadida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishga masʼul mansabdor shaxslar, yaʼni tumanlar (shaharlar) hokimlari, xotin-qizlar qoʻmitalari raislari, Davlat xizmatlari agentligining direktori, tumanlar (shaharlar) FHDYo boʻlimlari mudirlarining majburiyatlari va javobgarligi doirasi aniq belgilab berildi.
Xususan, Xorazm viloyatida 14 ta FHDYo muassasasi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularning 3 tasi shahar, 10 tasi tuman FHDYo boʻlimlari va 1 ta FHDYo arxividan iborat.
Davlat xizmatlari agentlidagi FHDYo muassasalarida huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash shoʻbasi tomonidan hisobot davrida 28 558 ta tugʻilish holati qayd qilingan boʻlib, ularning 14 873 nafari oʻgʻil bolalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Shuningdek, 10 086 ta nikoh roʻyxatga olingan boʻlib, undan 157 tasi sayyor ravishda qayd qilingan. Nikohlarning 10 dan ortigʻi — chet el fuqarolari, qaryib 30 ga yaqini – MDH davlatlari fuqarolaridir.
Davlat xizmatlari markazlaridan uzoqda joylashgan tumanlar aholisiga “mobil davlat xizmatlari” koʻrsatilib, bu jarayonda mutaxassislar joylarga chiqib, fuqarolarga xizmat koʻrsatadi. Bu amaliyot aholiga qulaylik yaratish, ularning vaqtini tejash, transport xarajatlarini qisqartirish bilan birga, huquqiy madaniyatini oshirish, byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan.
Darhaqiqat, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga bir necha oʻzgarishlar kiritildi. Natijada FHDYo organlari tomonidan beriladigan hujjatlarni olish jarayonlari ancha soddalashtirildi.
Yangi tartib boʻyicha, tugʻilishni qayd etish muddati oʻtkazib yuborilganda 16 yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasini olish uchun ariza quyidagilar tomonidan taqdim etiladi:
– bolaning ota-onasi;
– ota-onaning qonuniy nikohi mavjud boʻlgan hollarda ulardan biri;
– ishonchnoma asosida boshqa manfaatdor shaxs;
– ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari.
Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi mumkin.
Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindoshlar yoki merosxoʻrlarning arizasiga koʻra FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi. Vafot etgan shaxslarning tugʻilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qoʻshimchalar esa sud qaroriga asosan FHDYo organi tomonidan kiritiladi. Yangi tartib ota-onalardan birining arizasi asosida bolaning tugʻilganligini qayd etish tartibini soddalashtirildi. Fuqarolar maʼlum bir sabablarga koʻra yashash joyini oʻzgartirishi natijasida qayd etilgan dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritishda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi, shuningdek oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritishda FHDYo organiga vakolat berildi.
Masalan, bugungi kunga qadar qonun hujjatlarga koʻra dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish ariza beruvchining yashash joyidagi yoki tegishli dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDYo organi tomonidan qabul qilinishi va dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritishni ishonchnoma orqali amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan edi. Ushbu huquqiy norma fuqarolarning noroziliklariga sabab boʻlardi. Chunki ular dalolatnoma yozuvi boshqa hududdagi FHDYo boʻlimi tomonidan qayd etilgan boʻlsa, ushbu hududga borib kelishi yoki yashab turgan joyidagi FHDYo boʻlimida murojaat qilishi ular pochta orqali yuborishi uning natijasini olish uchun maʼlum bir mablagʻ va vaqt talab etilar edi.
Endilikda esa, yuqoridagi talab bekor qilinib, bir shaxsga belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma va dalolatnoma yozuvining qaysi ustuniga oʻzgartirish kiritilishi haqidagi tasdiqlangan ariza asosida amalga oshirilishi mumkin boʻldi.
Oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarning tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralishni qayd etish daftarlariga oʻzgartirishlar kiritish ularning arizalariga binoan amalga oshirilishi, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslarning tugʻilish haqidagi yozuvlar daftariga oʻzgartirishlar kiritish ularning ota-onasi arizasiga binoan amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Shu kunga qadar, oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuviga faqat tegishli sudlarning qaroriga asosan oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritilgan. Biroq, amaliyotda oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma xato yozilgan boʻlsa keyinchalik ushbu xatolikni tuzatish uchun barcha hujjatlar yetarli boʻlsa-da FHDYo organida unga tuzatish kiritish vakolati yoʻq edi, sudning tegishli qaroriga asosan tegishli oʻzgartirish kiritilgan.
Endilikda esa, yuqoridagi talab bekor qilinib, marhumning oʻlimi haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindoshlar yoki merosxoʻrlarning arizasiga koʻra FHDYo organi tomonidan amalga oshirish vakolati berilgan va vafot etgan shaxslarning tugʻilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qoʻshimchalar sud qaroriga asosan FHDYo organi tomonidan kiritilishi aniq belgilab berildi.
Ushbu islohotlar tufayli fuqarolarimizni ortiqcha ovoragarchiliklariga va ushbu masalalar boʻyicha sudlarga murojaat qilishiga, shuningdek, FHDYo tizimida uchrayotgan muammolarga chek qoʻyishga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning manfaatlarini taʼminlaydi, ularga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati va tezkorligini yanada oshiradi.
Sh.Niyazova, Davlat xizmatlari agentligi Xorazm viloyati
FHDYo organlarida huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish
va metodik taʼminlash shoʻbasi bosh maslahatchisi