Goʻdakni yoʻrgaklash, beshikka belash uning salomatligi uchun xavfsizmi?

0
343
marta koʻrilgan.

Yangi tugʻilgan chaqaloqni siqib yoʻrgaklab boʻlmaydi. Chunki, uni siqib yoʻrgaklaganda diafragmaning harakati cheklanadi va oʻpkada havo almashishi pasayadi, natijada tananing turli qismlariga qon oqib kelishi yomonlashadi.

Goʻdak harakatlarining cheklab qoʻyilishi issiqlik ishlab chiqarishni pasaytiradi,  oyoq va qoʻllar harakatining cheklanishi asab-mushak koordinatsiyasining rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Baʼzi onalar  chaqaloqni boshi bilan birga siqib yoʻrgaklashadi, bu holat uning emishini  qiyinlashtiradi. Chunki,  u emishi uchun ogʻzini katta-katta  ocha olmaydi. Siqib yoʻrgaklangan bola koʻp uxlaydi va shu bilan emishdan bosh tortadi.

Beshikka toʻgʻri belangandi uning salbiy taʼsiri yoʻq. Quyida beshikni notoʻgʻri qoʻllash oqibatidagi salbiy holatlarni tushuntiramiz. Bolaning uzoq vaqt beshikda yotishi zararli. Kun boʻyi beshikda yotish natijasida, qish va kuz oylarida bola terisiga yorugʻlikning tushishi kamayadi. Bu terida D vitamini sintez boʻlishiga toʻsqinlik qiladi va raxit kasalligini keltirib chiqaradi. Kasallik natijasida bola organizmida kalsiy almashinuvi buzilib, suyaklar yumshoqlashadi, boshning ensa qismi tekislanadi. Suyaklar qiyshiq oʻsishi kuzatiladi.

Beshikdagi bolani bir tomonga qaratib emizish tufayli koʻpincha birlamchi boʻyin qiyshiqligi kelib chiqadi. Shuning uchun bolani beshikda yotgan holda emizmagan maʼqul. Agar shunday qilishga toʻgʻri kelsa, galma-galdan ikki tomondan emizish maqsadga muvofiq.

Beshikni qattiq yerga emas, koʻrpacha ustiga qoʻyib, ohista tebratish lozim. Tez yoki qattiq tebratish bola uchun xavfli. Beshikda bola faqat uxlaydigan paytida yotgani maʼqul. Uygʻoq mahalda uni qoʻlga olib orqalarini ohista uqalash va yengil mashqlar qilish, oʻynatish kerak. Bnshikdan olganda ushbu mashqlarni bajarish kerak.

Beshikni oftob tushadigan joyga qoʻyish va goʻdakni maʼlum paytlarda oftobga olib chiqib, sof havoda sayr qildirish lozim.

Sumak gigiyenik talablarga rioya etilmagan holatlarda ishlatilganda tashqi jinsiy aʼzolarda  dermatitlar keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois bolani beshikdan olganda tuvak hamda  sumakni yuvib  tozalab oftobga qoʻyish maqsadga muvofiq. Ishlatishdan oldin yumshoq boʻlishi uchun yogʻga botirib olish va uning atrofini paxta yoki yumshoq mato bilan urab belash  lozim.

Beshik ustini sunʼiy matodan tikilgan qalin pardalar bilan yopish qatʼiyan man etiladi. Shuningdek, beshikni isitish uskunalari yoniga qoʻymaslik kerak. Quruq havoda ion tarkibi buzilib, bolaga noqulaylik tugʻdiradi. Vaqti-vaqti bilan beshik pardalari, oʻrin-koʻrpachalarni shamollatib, quyoshga yoyib  turish talab etiladi.

 Koʻrpachasi qovuzdan  boʻlishi maʼqul.  U tabiiy massaj vazifasini bajaradi. Momolarimiz bolaning toʻshagi oʻta yumshoq boʻlmasligi kerakligini taʼkidlashgan. Biroq bosh qismiga yumshoq yostiq qoʻyilishi «pachoq» boʻlib shakllanishidan saqlaydi. Oyoq va qoʻlbogʻlarni juda qattiq bogʻlamaslikka ham alohida eʼtibor qaratish lozim. Turli rangdagi oʻyinchoqlarni osib qoʻyish ham maqsadga muvofik. Ular bolalarni diqqatini jamlashga  oʻrgatadi.

Eslatma: Chanoq-son boʻgʻimi disp­laziyasi (notoʻgʻri oʻsish) bilan tugʻilgan bolalarni beshikka belash mumkin emas. Chunki, ortoped shifokorlar bunday bolalarning oyoqlari biriktirilmagan holda ochiq turishini tavsiya etishadi. Bolada bunday tugʻma kasallik bor-yoʻqligini bilish uchun ortoped koʻrigidan albatta oʻtkazish lozim. Tugʻma yurak porogi boʻlgan bolalarda baʼzan nafas olishi qiyinlashishi holatlari uchraydi. Shuning uchun ularga ham beshik tavsiya etilmaydi. Koʻpincha katta vazndagi chaqaloqlar tugʻilish jarayonida bosh suyagi deformatsiyalanadi. Natijada, bosh suyagi ichidagi qon bosimi baland boʻladi. Ular beshikka belansa, beshikni tebratmaslik yoki ohista tebratish lozim.

Chaqaloqni bir yoshgacha yoki oʻzi mustaqil yuradigan boʻlguncha beshikka belash tavsiya etiladi. Bu paytga kelib bolada peshobni nazorat qilish qobiliyati shakllangan boʻladi.

Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.