AOKA shtabida Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov bilan brifing oʻtkazildi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
Cavol: Oʻzbekistonda harbiy xizmatni oʻtash yoshi 27 yoshgacha etib belgilangan. Aprel oyida 27 yoshni toʻldiraman. Karantindan soʻng harbiy xizmatni oʻtashim mumkinmi?
Javob: Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatning bir oylik yigʻinini aprel oyida oʻtash belgilangan.
Karantin tufayli vaqtincha qoldirilgan bir oylik yigʻinlar, shuningdek, aprel oyida 27 yoshga toʻladigan fuqarolar uchun ham yigʻin oʻtash muddatini bir oz muddatga choʻzish va ular uchun bir oylik xizmatni oʻtashga imkon yaratish boʻyicha bugungi kunda belgilangan tartibda ishlar olib borilyapti. Bu masala koʻrib chiqilib, qaror qabul qilingandan soʻng uning natijalari joylardagi mudofaa ishlari boʻlimlari orqali yetkaziladi.
Cavol: Harbiy xizmatni oʻtab boʻlganlarni uyga qaytishiga ruxsat beriladimi?
Javob: Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini oʻtab boʻlganlarni rezervga boʻshatish ishlari rejaga asosan amalga oshirilmoqda. Ular ortiqcha muddat harbiy xizmatda qoldirilmaydi.
Cavol: Bir oylik xizmatga pulini toʻlab qoʻyganlar nima qilishadi? Karantin qachongacha choʻzilishi nomaʼlum boʻlsa, biz pulimizni hozir qaytarib olsak boʻladimi?
Javob: Mamlakatimizda koronavirus epidemiyasi bilan bogʻliq holat yaxshi tomonga oʻzgargandan soʻng harbiy xizmatga chaqiruv ishlari davom ettiriladi.
Bir oylik xizmatga, yaʼni safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni oʻtash uchun pul badalini toʻlab qoʻyganlar fuqarolar 27 yoshga toʻlgunga qadar SCHR bir oylik xizmat yigʻinini oʻtashlari mumkin.
Shuning uchun Siz karantin muddati tugagandan soʻng albatta bir oylik xizmat yigʻiniga jalb qilinasiz va toʻlov qilgan pul badalingiz QAYTARIB BERILMAYDI.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 fevraldagi 99-sonli qaror bilan kiritilgan nizomga muvofiq bu xizmat turi uchun toʻlangan pul badallari quyidagi holatlarda:
– fuqaro harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganda;
– tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi tomonidan 27 yoshgacha I, II yoki III guruh nogironligi berilgan holatda;
– safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisi vafot etganda;
– maxsus hisob raqamga yanglishib yoki ortiqcha pul badallari oʻtkazilgan holatda pul badallari belgilangan tartibda qaytarib berilishi belgilangan.
Cavol: Harbiy xizmatga tibbiy koʻrikdan oʻtib boʻlganlarning natijalari karantindan keyin ham oʻz kuchida qoladimi yoki boshqatdan oʻtish kerakmi ?
Javob: ️Tibbiy koʻrik natijalari oʻz kuchida qoladi.
Ammo Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmatining 2019 yil 3 apreldagi qoʻshma qaror talablariga asosan funksional tekshiruv va laboratoriya natijalari faqat uch oy davomida oʻz kuchida qolishi mumkin.
Demak, uch oy muddatdan oshgan holatda QAYTA tibbiy koʻrikdan oʻtiladi.
Cavol: Koronavirus bilan karantinda boʻlganlar kasallikni yengil formasida tuzalib chiqishsa, keyinchalik harbiy sohaga qabul kilinmaydi degan gaplar rostmi?
Javob: Koronavirus bilan ogʻrib oʻtgan (kasal boʻlgan) barcha shaxslar uchun hech qanday cheklovlar yoʻq.
Nafaqat harbiy sohada, balki boshqa sohalarda ham xuddi shunday hech qanday cheklovlar mavjud emas.
Cavol: Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashaymiz. Oʻgʻlim Toshkent Qurolli Kuchlar Akademiyasiga hujjatlarini tumanimiz «voyenkomat»iga topshirgan edi. Tibbiy koʻriklardan oʻtgan hujjatlarini toʻliq qilib topshirish arafasida karantin eʼlon qilindi va hujjatlar qabul qilinmadi.
Natija qanday boʻladi? Imtihonlar xaqida maʼlumot berishingizni iltimos qilamiz?
Javob: Mamlakatimizda karantin muddati tugagandan soʻng tuman va viloyat mudofaa ishlari boʻlim va boshqarmalarida fuqarolardan tibbiy koʻrik hujjatlarini qabul qilish vaqtini bir oz muddatga choʻzdirish hamda oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirmoqchi boʻlgan fuqarolar uchun imkoniyatlar yaratish masalasi belgilangan tartibda koʻrib chiqilmoqda.
Yuqorida taʼkidlanganidek, qoʻshma qaror talabiga koʻra, tibbiy koʻrik uchun oʻtkazilgan laboratoriya natijalari 3 oy muddatda oʻz kuchida qoladi.
Oliy harbiy taʼlim muassasalarida imtihonlar, yaʼni bilim yurtlarida oʻtkaziladigan harbiy kasbiy tanlov joriy yilning 1 iyunidan 25 iyunigacha hamda test imtihonlari 5 iyul kuni oʻtkazilishi belgilangan.
Manbaa: @aoka_uz