Huquqiy axborot kuni

0
233
marta koʻrilgan.

«Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan huquqiy axborotni tarqatish va jamiyatda huquqiy targʻibotni tashkil etish boʻyicha 2017-2018 yillarga moʻljallangan yoʻl xaritasi tasdiqlangan. Mazkur yoʻl xaritasida har oyda bir marta «Huquqiy axborot kuni» loyixasini tashkil etish nazarda tutilgan.

Ushbu loyiha doirasida aholini qiynayotgan muammoli masalalar(migratsiya, moddiy yordam, yer, uy-joy olish, kommunal masalalar, imtiyozlar, ishga joylashish, taʼlim olish va h.k.) aniqlanib, ularning huquqiy yechimi aniq belgilangan kunda markaziy va mahalliy nashrlar, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalarida chop etilishi koʻzda tutilgan.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan migratsiyaga oid savol — javoblarni eʼtiboringizga havola etamiz. Mazkur rukn huquqiy bilimlaringizni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi, deb ishonamiz.

 

Migratsiya qonunchiligi boʻyicha aholini qiziqtirgan masalalar boʻyicha savol-javoblar:

 

  1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlarini rasmiylashtirish tartibi?

J:Chet elga bormoqchi boʻlgan fuqarolar, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlar bundan mustasno:

pasport;

belgilangan namunadagi anketa-ariza;

davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya;

35 x 45 mm oʻlchamli 4 ta fotosurat;

harbiy guvohnomani (harbiy guvohnoma mavjud boʻlmagan taqdirda chaqiruv yoshidagi shaxslar uchun mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning belgilangan namunadagi maʼlumotnomasini) taqdim etgan holda doimiy roʻyxatda turgan joydagi kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga (harbiy xizmatchilar uchun harbiy qism (muassasa) joylashgan joy boʻyicha) murojaat qiladilar.

  1. Chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri haqida maʼlumot bersangiz (uning amal qilish muddati, olish tartibi va h.k.) ?

J:Chet elga vaqtincha chiqayotganda fuqarolarga chet elga borish uchun 2 yil mobaynida amal qiladigan ruxsatnoma yozuvi stikeri (keyingi oʻrinlarda stiker deb yuritiladi) rasmiylashtiriladi. Fuqarolar koʻrsatilgan muddat mobaynida bir necha marta chet elga chiqishi mumkin. Stikerning amal qilish muddati pasportning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak.

Doimiy yashash uchun chet elga chiqishda fuqarolarga amal qilish muddatisiz stiker rasmiylashtiriladi.

Chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri fuqarolarning doimiy roʻyxatda turgan joylari (harbiy xizmatchilar uchun — harbiy qism (muassasa) joylashgan joy) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, shuningdek Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining tuman boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda KCHFR boʻlinmalari deb yuritiladi) tomonidan, shuningdek ushbu Tartibda nazarda tutilgan hollarda chet eldagi Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari bilan kelishgan holda rasmiylashtiriladi.

Maʼlumot tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PF-5156-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti joriy etiladi.

  1. Doimiy yashash uchun chet elga chiqishda fuqarolardan qanday hujjatlar talab etilishi toʻgʻrisida maʼlumot bersangiz?

J: Doimiy yashash uchun chet elga chiqishda fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan oʻz ota-onasining va turmush oʻrtogʻining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek agar birgalikdagi nikohdan bolalar boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush oʻrtogʻining notarial tasdiqlangan roziligini, ular vafot etgan yoki bedarak yoʻqolgan hollarda esa — vafot etganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning yoki sudning shaxsni bedarak yoʻqolgan deb eʼtirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusxasini kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga taqdim etadilar.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xususiy mehnat kontraktlari boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga chiqish imkoniyatlari mavjudmi, mavjud boʻlsa uning tartibi qanday?

J:Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xususiy mehnat kontraktlari boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar boʻyicha chiqish huquqiga egadirlar.

Fuqarolarning xususiy kontraktlar boʻyicha chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan belgilangan shaklga muvofiq beriladigan ruxsatnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan ruxsatnoma berilgandan keyin fuqarolar chiqishni rasmiylashtirish uchun yashash joyidagi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining kelish, ketish va fuqarolik boshqarmasi boʻlinmasiga ariza beradilar.

Oʻzbekiston Respublikasining xususiy mehnat kontraktiga ega boʻlgan fuqarolari chet ellarda ijtimoiy muhofazalanishini taʼminlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga quyidagi hujjatlarni ikki nusxada taqdim etadilar:

ariza;

xorijiy firmadan (ish beruvchidan) olingan davlat tiliga tarjima qilingan, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sugʻurta koʻrsatilgan, shuningdek mehnat vizasi (EMPLOYMENT VIZA) bilan taʼminlash borasida ish beruvchining majburiyati nazarda tutilgan holda notarial tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasasi tomonidan legalizatsiya qilingan kontrakt nusxasi. Agar hujjatga apostil qoʻyilgan boʻlsa, legallashtirish talab etilmaydi;

ish beruvchi toʻgʻrisidagi qisqa maʼlumotlar;

maʼlumotnoma-xolisnoma;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tegishli shakldagi sogʻligining holati toʻgʻrisida maʼlumotnoma.

  1. Savolim quyidagicha, Chet elda doimiy yashash uchun chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish muddatlari haqida maʼlumot bersangiz?

J:Chet elda doimiy yashash uchun chiqish hujjatlarini rasmiylashtirishda fuqarolarning doimiy roʻyxatda turgan joylaridagi kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari arizachilarning murojaatini 15 ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi va fuqaroning chet elga chiqishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlar boʻlmagan taqdirda, uning pasportiga doimiy yashash uchun stikerni yopishtiradi. Qoʻshimcha tekshirishlar oʻtkazish zarur boʻlganda hujjatlarni koʻrib chiqish muddati 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.

  1. Chet elga chiqayotganda stiker rasmiylashtirmasdan chiqishning huquqiy oqibatlari majudmi?

J:Oʻzbekiston Respublikasidan yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlardan boshqa xorijiy davlatlarga stiker rasmiylashtirmasdan chiqish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka olib keladi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlar oʻrtasida safar qilish bundan mustasno.

Stikerning amal qilish muddati chet elda tamom boʻlishi Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda, shuningdek bir xorijiy davlatdan boshqasiga safar qilishda javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmaydi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlardan boshqa xorijiy davlatlarga safar qilish bundan mustasno.

  1. Chet elda doimiy yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportining amal qilish muddati tugagan hollarda, pasportni rasmiylashtirish tartibi qanday boʻladi?

J:Pasportning amal qilish muddati chet elda tugagan, u yaroqsizlangan yoki yoʻqolgan hollarda, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda (familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi oʻzgargan, yozuvlarda noaniqliklar va xatolar aniqlangan, varaqlar ishlatib boʻlingan va boshqa hollarda) chet elda doimiy yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yangi pasportni rasmiylashtirish uchun oʻzi turgan mamlakatdagi Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasiga murojaat qiladi.

Agar fuqaro turgan mamlakatda Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi boʻlmasa, fuqaro oʻzi turgan mamlakat konsullik okrugiga kiradigan Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasiga murojaat qiladi.

  1. Fuqaro ogʻir kasalligi sababli, davolanish uchun chet elga chiqishi zarur boʻlgan holatlarda stikerni rasmiylashtirish muddati haqida maʼlumot bersangiz?

J:Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqishni talab qiladigan shoshilinch davolanish zaruriyatini, ogʻir kasallik holatlarini yoki yaqin qarindoshi vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda fuqaroga va unga hamrohlik qiluvchi shaxslarga stikerni rasmiylashtirish muddati, chet elga chiqish huquqini cheklash uchun asos boʻlmagan taqdirda, 5 ish kunidan oshmasligi kerak.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.