Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV va Adliya vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi qonun talablari ijrosini taʼminlashga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda mahalliy hokimliklar, huquqni muhofazi qiluvchi idoralar, bandlik va mehnat munosabatlari boʻlimlari va boshqa aloqador idorlar bilan hamkorlikda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan ilgari sudlangan va maʼmuriy nazoratga olingan shaxslar bilan umumiy hamda yakka tartibda profilaktik ishlar tashkil etilgani qayd etildi.
“Joriy yilning 5 oyida 4633 nafar maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchilar Ichki ishlar organlari hisobiga olinib, ular bilan tegishli tartibda profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda, — dedi IIV jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi Qutbiddinxon Burxonov. — Ichki ishlar organlarida hisobda turgan 11236 nafar maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchilarning 5456 nafariga nisbatan qonunda belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmaganligi uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlarining qarorlari bilan maʼmuriy nazorat oʻrnatildi”.
Muloqot davomida nazorat ostidagi shaxslarning sud organlari tomonidan belgilangan maʼmuriy cheklovlarga rioya qilmaganliklari uchun ularning 1622 nafari maʼmuriy, 131 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, doimiy ravishda tegishli idoralar bilan hamkorlikda ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari hamda jinoyat sodir etilishiga yaratilgan shart-sharoitlar chuqur tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish borasida ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.