Ijtimoiy tarmoq haqida mulohazalar

0
997
marta koʻrilgan.

Internetda mutolaa va muloqat  madaniyatini yuksaltirish bizdek ziyolilarning burchi hisoblanadi. Jurnalist sifatidagi mulohazalaringizni bildirsangiz, deb qoldi gujum.uz saytidan. Shu taklif turtki boʻlib, fikrlarimni jamladim. Ijtimoiy tarmoq bilan kechgan bir yillik umrimga   nazar tashladim.

Ijtimoiy tarmoqqa aʼzo boʻlganimga roppa-rosa bir yil boʻldi. Oʻtgan davr mobaynida internetga juda oʻrganib qoldim. Boshqalarni bilmaymanu, ammo pensioner uchun internet  behad  maroqli manba ekan. Tabiatan shovqin-suronni  jinim suymaydi, oʻz xayollarim  bilan oʻzim yolgʻiz oʻtirishni yoqtiraman. Ayni chogʻda esa internetga  qadrdon boʻldim. Biroq  har narsaning ham chek-chegarasi bor. Tunda kompyuterni  ochmayman, televizor koʻraman. Ertalab soat 11ga qadar roʻzgʻor yumushlarini bajarib qoʻyaman. Keyin zoʻr hafsala bilan kompyuter yoniga choʻkaman. Bu daqiqalar kamina uchun  benihoya huzurbaxsh.

Internetga kirib dastavval rasmiy saytlar – gujum.uz, kun.uz, xabar.uzni koʻrib chiqaman. Jahon  sahifasidan  dunyoning siyosat maydonida roʻy berayotgan barcha  voqeliklarni bilib olaman. Keyin oʻz yurtimizda Prezidentimiz  hamda hukumatimiz amalga oshirayotgan olamshumul ishlar, islohotlar, joylarda  sodir boʻlayotgan  voqealar,  turmushimizdagi yangiliklar, oʻzgarishlar, izlanishlar va h.z.lar  toʻgʻrisida mufassal maʼlumot  olaman.

Men uchun ijtimoiy tarmoqdagi kanallar qiroli feysbukdir. Uni FBdosh doʻstlar, “fayzibogʻ, fayzlibogʻ” ham deb atashadi. Menimcha,  FB erkin maydon. Har kim koʻnglida borini gapiradi. Kimdir sheʼr, kimdir hikoya, yana birov  aforizm yozadi. Xullas, koʻngil chigilini yozish ham  mumkin. Kimdir qoʻygan qiziqarli postga boshqalar layk bosadi yoki fikr-mulohazalarini bildiradi. Baʼzan bahslar avj oladi. Turfa rasmlar hayot haqida jim hikoya qiladi. Tabiat goʻzalliklari aks etgan fotolar zavq-shavq bagʻishlaydi. Qisqasi zerikmaymiz. FB bogʻidan istaganingizni topishingizga shak-shubha yoʻq. Bular bizga yoqadi, fikrdan-fikr rang oladi, qandaydir samimiy doʻstona rishta  shakllanadi.

Biroq, feysbuk hamisha ham fayzli bogʻ boʻlavermaydi. kaminada ayrim eʼtirozlar ham yoʻq emas. Masalan, kimningdir  doʻstlik “drujba” taklifini qabul qilib, uni tasdiqlaysiz. Uning salomiga alik olib, doʻstona suhbatga izn berasiz. “Qayerdansiz”, ”yoshingiz nechchida”, “qayerda yashaysiz” qabilidagi savollarga   javob qaytarasiz. Keyin yana soʻraydi: “eringiz bormi”, endi hushyor tortmasangiz boʻlmaydi… Savollar esa davom etaveradi, endi u sizni “sen” deb  bemalol  atay boshlaydi. Gullar, guldastalar suratlarining adogʻi yoʻq. Bir payt  yoshingizdan qatʼiy nazar, eng muhimi u “erkak” sizga yoki bizga sevgi izhor qiladi. Sizni umrida koʻrmagan “sevgilim, goʻzalim, shakarim, asalim” deb qiyomlarga bulgʻab tashlaydi. Ana boʻlmasa, ayrimlarining gaplari esa quyushqonga ham sigʻmaydi.

Internetdan endi foydalana boshlagan kunlarim edi. Bir nusxaning “drujba”sini bosib, onamni Uchqoʻrgʻonda koʻrganman. Savollar davomida “ering bormi?-deb soʻradi. ”Ha, cholim bor”-dedim atayin. “Men  jarrohman, zoʻr seksapatolog oshnam bor, ering bilan kel, olib kiraman” –dedi. Ajablandim, ”men sizdan doʻxtir soʻradimmi” –dedim. ”Chol” deyapsanku boʻldida, savob ham kerak, olib kel. Kelmasa,  olib kelma  oʻzing kelsang boʻldi asalim deydi deng. Burnimning uchida turgan jahlim  boʻy koʻrsatdi. ”Sizga bir maslahat bor edi” – dedim. ”Bajonidil jonidan, qurboning boʻlay”-deb yozdi. “Mabodo, nevropotolog, psixiatr oshnalaringiz yoʻqmi?-deb soʻradim. ”Bor, nimaydi”-dedi. ”Oʻzingizni  koʻrsatsangiz boʻlarkan, tomingiz  ancha qiyshayib qoptiku!”- dedim. “Nima?!- he, seni…” deb … Bildim, soʻkindi, lekin men uni oʻqib oʻtirmadim.

 Sirasi, bunday misollar tiqilib yotibdi, “drujba”ni bosasiz, tomoshasini koʻraverasiz, har kuni shu ahvol. Goʻyo dunyo shunday qoraliklar ustiga qurilgandek…  Xullas, azizlar oʻzingizdan qolar gap yoʻq, guruchning kurmagini  terib tashlayverasiz. Biroq, kurmakni terib tashlay olmaydigan yoshlarimizga bu muloqotlar albatta, zararli. Ana shunday paytda  rasmiy saytlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarini koʻpaytirish kerak deb oʻylab qolaman. 

 Texnik tarafdan zukkoman deb, ayta olmayman. Haligacha kompyuterda yozishni eplasamda, texnik taraflariga oqsayman.  Shu bois ijtimoiy tarmoqning men bilmagan  sarhadlarini  toʻla qamrab ololganimcha yoʻq. Lekin baʼzan koʻzim tushib qolgan gap-soʻzlarga hayron qolaman. Ayrimlar negadir hamisha nimadandir, kimdandir norozi kayfiyatda boʻladilar. Chetdan kimnidir qoralash yoki uni tanqid qilish  oson. Ammo uning oʻrnida boʻlish, oʻzining qoʻlidan kelarmikin…  Bundan tashqari, shaʼniga otilayotgan toshlar ham talaygina,  musulmonchilikda marhumlar shaʼniga tosh otilmaydi. Oʻtganlarni tinch qoʻyish, insoniy burchimiz emasmi?…

FBda oʻzini bozorga solgandek shaxsiy rasmlar bilan toʻldirib tashlaganlar ham bor. Gohida undan zavqlansangiz gohida uyalib ham ketasiz. Turfa olam degani shuda!

Qissadan hissa, internet deganlari zoʻr  imkoniyat ekan. Dunyodan boxabarmiz, bu bebaho neʼmatdan oqilona foydalanishimiz,  farzandlarimizni esa  toʻgʻri yoʻnaltira bilishimiz, katta yoshdagi  har birimizga   ulkan  masʼuliyat yuklaydi…

Internetda mutolaa va muloqat  madaniyatini yuksaltirishda barchaga tilakdoshman.

Sharofat Iskandar qizi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.