AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Oʻrinboyeva koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga oid savollarga javob qaytardi.
SAVOL: Ish haqimizdan ushlab qolishmoqda. Buxgalteriyadan soʻrasam, rahbariyat aytgan deyishyapti. Ish haqimizni roziligimizsiz ushlab qolinishi toʻgʻrimi?
JAVOB: Amaldagi mehnat qonunchiligiga koʻra, xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qolish mumkin emas. Xodimning roziligisiz mehnat haqidan quyidagi hollarda ushlab qolinishi mumkin: belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish uchun; sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun; oldindan berilgan maqsadli pullar (masalan, xizmat safarlari uchun berilgan va ishlatilmay qolingan avans) boʻyicha hisob-kitob qilish hamda ortiqcha toʻlangan summani qaytarib olish uchun; mehnat taʼtili boʻyicha hisob-kitob qilish uchun; xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun; intizomiy jazo tariqasida tayinlangan jarimani undirish uchun.
Shuningdek, ish haqidan ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimning ish haqining ellik foizidan ortib ketmasligi lozim. Ushbu cheklov aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda ushlab qolinadigan haqning miqdori yetmish foizdan ortib ketmasligi lozim.
SAVOL: Men oliy taʼlim muassasasiga sirtqi taʼlimda oʻqishga kirdim. Lekin sirtqi taʼlimda yaxshi oʻzlashtira olmayapman. Shunga oʻqishimni kunduzgi taʼlimga oʻtkazsam boʻladimi yoʻqmi?
JAVOB: Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchi taʼlim sohasiga oʻqishni koʻchirish mumkin emasligi ham qayd etilgan.
SAVOL: Men bir tashkilotga 3 oylik sinov muddati bilan ishga qabul qilingan edim. Sinov muddati tugashi vaqtida sinov muddatini qoniqarsiz oʻtading deb tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishmoqchi. Shu toʻgʻrimi?
JAVOB: Dastlabki sinov muddati tugagunga qadar har bir taraf ikkinchi tarafni uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Bunday holda ish beruvchi mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz boʻlgandagina bekor qilishi mumkin. Agar dastlabki sinov muddati tugagunga qadar taraflardan birortasi ham mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilishi davom etadi va bundan keyin uni bekor qilishga umumiy asoslarda yoʻl qoʻyiladi.
Shunga koʻra sinov natijasi qoniqarsiz boʻlganda, ish beruvchi uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
SAVOL: Ijarada turaman. Uzoq muddatga ijara shartnomasi tuzganman va ushbu ijara shartnomasini bekor qilmoqchi emasman. Karantin tufayli qishloqdagi uyimga ketishga majbur boʻldim. Ijarada turgan uyim boʻsh turibdi. Unga esa men ijara puli toʻlashim kerak. Bu menga ogʻir. Men ijara shartnomasiga asosan olingan mol-mulkni boshqa shaxsga ijaraga berishim mumkinmi?
JAVOB: Fuqarolik kodeksiga asosan mol-mulkini ijaraga berish huquqi shu mol-mulk egasiga tegishli boʻlib, qonun yoki mulkdor tomonidan mol-mulkni ijaraga berish vakolati berilgan boshqa shaxslar ham ijaraga beruvchi boʻlishlari mumkin.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikka koʻra, qonunlarda va ijara shartnomasida oʻzga shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijarachi ijaraga olingan mol-mulkni, yer va boshqa tabiiy resurslardan tashqari, ijaraga beruvchining ruxsati bilan ikkilamchi ijaraga topshirishga haqlidir. Bunda ijaraga oluvchi shartnomaga muvofiq ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi.