AOKA huzuridagi shtabda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boʻlim boshligʻi Abdusamad Mamanazarov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda yangi oʻquv yili uchun qabul jarayonlari toʻgʻrisidagi savollarga javob berildi.
SAVOL: Ohangaron tumanida yashayman. Test imtihonlariga shaxsiy avtomashinamda Toshkent shahriga borsam boʻladimi yoki oʻz hududimizda topshiramanmi?
Javob: Ohangaron nisbatan yaqin tuman boʻlgani uchun shaxsiy avtomashinangizda kelib, test topshirishingiz mumkin. Biroq, taʼkidlash joizki, test oʻtkazilish muddati COVID-19 tufayli joriy qilingan karantin tartibiga bevosita bogʻliq.
SAVOL: OTMlarga sirtqi boʻlimlar uchun qabul qachondan boshlanadi?
Javob: Sirtqi boʻlimga hujjatlar kunduzgi boʻlim kabi 15 iyundan 15 iyulga (shu kuni ham) qadar qabul qilinadi.
SAVOL: Karantin davrida jismoniy tarbiya yoʻnalishida normativlarni topshirish imtihonlarini oʻtkazish tartibi qanday?
Javob: Kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari uchun imtihonlar karantin, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etgan holda 11 iyuldan 20 iyulga qadar, alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari uchun esa 25 iyuldan 10 avgustgacha oʻtkaziladi. Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish muddatlariga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Ijodiy va test imtihonlari (pedagogik taʼlim yoʻnalishi) asosida talabalikka qabul qilinadigan yoʻnalishlarda esa ijodiy imtihonlarning faqat bittasi (maxsus jismoniy tayyorgarlik) saqlab qolinadi va qoʻshimcha test topshiriladi.
Abituriyentlar ijodiy imtihonlarni faqat bir kun va uzogʻi bir soat ichida topshirishadi.
SAVOL: Joriy oʻquv yilida sport yoʻnalishidagi imtihonlar mavjud bir nechta OTMga hujjat topshirish mumkinmi?
Javob: Alohida iqtidor talab etiladigan hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon mavjud taʼlim yoʻnalishlariga kirishda abituriyentlar faqatgina BITTA taʼlim yoʻnalishida tanlovda ishtirok etishi mumkin.
SAVOL: Pandemiya davrida oʻqishini koʻchira olmaganlar uchun qanday imkoniyat yaratilgan?
Javob: 2020 yilning 15 iyulidan 5 avgustiga qadar hujjatlar qabul qilinadi (hujjatlarni onlayn tarzda topshirish imkoniyati yaratiladi). 6 avgustdan 30 avgustga qadar arizalar koʻrib chiqilib, qaror qabul qilinadi.
Karantin tadbirlari sababli oʻqishni koʻchirish jarayonlari muddatlarida oʻzgarishlar boʻlganda vazirlikning rasmiy sayti (www.edu.uz) va telegram-kanali (@eduuz) orqali eʼlon beriladi.
SAVOL: Talabalardan karantin paytida shartnoma pulini toʻlashni talab qilish, aks holda imtihonlarga kiritmaslik toʻgʻrimi?
Javob: Karantin vaqtida talabalarning masofaviy taʼlimi yoʻlga qoʻyilgan, biroq talabalarni shartnoma shartlarini bajarmaganlik uchun talabalik safidan chetlatish kun tartibiga kiritilmagan.
Shartnoma pulini toʻlamagan talaba imtihonga kiritiladi, biroq kursdan kursga koʻchirilgani toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtirilmaydi.
SAVOL: Akademik litseylarga hujjat topshirish qanday amalga oshiriladi?
Javob: 2020-2021 oʻquv yili uchun umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchi oʻquvchilarining hujjatlarini akademik litseylarda onlayn roʻyxatga olish joriy yil 10 iyundan boshlanadi.
Akademik litseylarda hujjatlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha maʼlumotlar bilan vazirlikning @eduuz rasmiy telegram kanalida joylashtirilgan havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin. Ushbu havola orqali oʻquvchilar oʻzlari tanlagan yoʻnalishlar boʻyicha hujjatlarini 10 iyundan 30 iyunga qadar roʻyxatdan oʻtkazishadi.