Savol: Korxona karantin paytida yangi ishchilarni ishga olishda ulardan koronavirus bilan kasal boʻlmagani toʻgʻrisida maʼlumotnoma talab qilishi qanchalik toʻgʻri?
Javob: Mehnat kodeksining 80-moddasida ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar roʻyxati koʻrsatilgan. Ushbu hujjatlar va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish TAQIQLANADI. Biror-bir normativ hujjatda ishga qabul qilishda koronavirus infeksiyasi boʻyicha kasallikka chalinmaganligi toʻgʻrisidagi hujjat talab qilish koʻrsatilmagan.
Agar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarolarni ishga qabul qilishda kasallikka chalinganligi sababli ishga qabul qilish rad etilsa, ishga qabul qilish jarayoni noqonuniy rad etilgan hisoblanadi va ish beruvchini javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
Savol: Maktabda hamshira boʻlib ishlayman, yaqinda tugʻuruq taʼtiligi chiqdim. Dekret puli karantindan keyin beriladi, deyishdi. Bu qanchalik toʻgʻri?
Javob: Adliya vazirligi tomonidan 2002 yil 8 mayda 1136-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan «Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida»gi Nizomning 5-bandiga asosan, nafaqa — homiladorlik va tugʻish taʼtili tugagan yoki bola tugʻilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilinganda toʻlanadi. Ushbu Nizomning 7-bandiga asosan, nafaqa oyiga bir marta — oyning ikkinchi yarmi uchun beriladigan ish haqi bilan birga toʻlanadi.
Savol: Davlat tashkilotida ishlovchi xodimlar statsionar karantinga olinganda ularning oylik ish xaqi qanday toʻlanadi? Masalan, oylikdagi ustamalar toʻlanadimi?
Javob: Koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilganlarga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi.
Asos — «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident Farmonining 16-bandi hamda Adliya vazirligi tomonidan 2002 yil 8 mayda 1136-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan «Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida»gi Nizomning 9 va 17-bandlari.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 153-moddasiga koʻra, korxonaning jamoa shartnomasi yoki xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan lokal hujjatlarga asosan ustama va boshqa qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanishi mumkin.
Savol:Ikki farzandim bor, 1 yosh va 2 yosh. Erim ishxonasidan ish haqi toʻlanmaydigan taʼtilga chiqarilgan, oʻzi magistratura talabasi, toʻlov-shartnoma asosida oʻqiydi. Mahallaga farzandlarim uchun 2 yoshgacha bola puli soʻrab chiqqanimda berishmadi. Hozirda bola puliga muhtojmiz. Ayni vaqtda erim oyliksiz. Karantin munosabati bilan ham bola puli berishmaydimi? Qayerga murojaat qilsam boʻladi?
Javob: Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila aʼzosiga oʻrtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 52,7 foizidan ortiq boʻlmagan oilalarga fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organida tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan tayinlanadi.
Asos — Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan «Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida»gi Nizom.
Turmush oʻrtogʻingiz ish haqi saqlanmagan holda taʼtilda boʻlgan boʻlsa, Mehnat kodeksining 150-moddasiga asosan ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtil xodimning xohishiga koʻra beriladi. Shu sababli, turmush oʻrtogʻingiz korxona ish beruvchisiga ish haqi saqlanmagan holda berilgan mehnat taʼtilini tugatib, ishni davom ettirishiga ruxsat soʻrab ariza bilan murojaat etishi mumkin.
Gulruh Niyozmetova, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh davlat mehnat huquq inspektori