Karantin tufayli qoldirilgan reyslarning pullari mijozlarga nega qaytarilmayapti?

0
216
marta koʻrilgan.

«Telegram» ilovasi orqali Chilonzordagi “REAL AVIA”  kassasi vakili  Jahongir Norboʻtayev bilan suhbatlashdik.  Ushbu suhbatni eʼtiboringizga havola qilamiz.

– Assalomu alaykum, Chilonzordagi “REAL AVIA”  kassami?

– Ha. Assalomu alaykum.

– Men mijozingiz Raʼno Zaripovaman. Kim bilan gaplashyapman?

– Jahongir Norboʻtayevman. Nima qilish kerak?

– Vashingtonga 6 avgustda uchishim kerak edi. Bilasiz, karantin sababli parvoz qoldirildi.  Chipta pulini qaytarib olmoqchiman. Chunki, karantin tufayli  ikkinchi marta qolyapman. Bugun soat beshdan keyin boraman,  ishlaysizlarmi?

– Chiptangizni «Telegram» ilovasi orqali joʻnating ushbu suhbatlashib turgan raqamga, aniqlik kiritib, javob beraman.

Men «Telegram» orqali chiptaning nusxasini joʻnatdim. Onlayn ishlash qulayligidan xursand ham boʻldim. Yana qayta qoʻngʻiroq qildim.

–  «Aeroflot» kompaniyasi chipta pullarni qaytarishga  ruxsat bermagan», — deya javob berdi kassa vakili.

– «Aeroflot» kompaniyasini bilmayman. Chiptani sizlardan sotib olganman. 

–  Chiptani bizdan harid qilgan boʻlsangiz ham, chipta kompaniyaniki, bu boʻyicha qoidalarni kompaniya hal qiladi, biz agentlikmiz chiptani sotib beradi xolos. Chiptalar oldi-sottisidagi oʻzgarishlar va qoʻshimchalarga aviakompaniya javob beradi. Xohlasangiz arizangizni qoldiring, aviakompaniyaga yuboramiz. Aviakompaniya nima javob bersa, oʻshani sizga taqdim etamiz. Sababi chiptani bizga aviakompaniya beradi, siz bergan pulni aviakompaniyaga yuboramiz.

–  Sizni agentligingiz turli aviakompaniyalar bilan shartnoma asosida ishlayaptimi? Nega Mustaqil Oʻzbekistonning qonun-qoidalarini  shartnomangizga kiritmaysiz. Agentlikingiz mijozlar uchunmi yoki xorijiy aviakompaniyalarning foydasiga ishlaydimi?

– Shartnoma shartlariga asosan ishlayapmiz. Hozir hech qaysi aviakompaniya chipta pullarni qaytarib bermayapti. Chunki, reyslar uchmayapti, shuning uchun hisoblarida pullari yoʻq. Hatto, oʻzimizni “Havo yoʻllari” ham mijozlarning chipta pulini qaytarmayapti. Oʻrniga vaucher  beryapti.

– Nima ekan vaucher? Vaucherga qanday tartib-qoidalar kiritilgan?

– “Havo yoʻllari” kompaniyasida  bir yilga vaucher berilyapti. Bir yil ichida oʻsha vaucherdagi summa depozitingizda turadi, reyslar yoʻlga qoʻyilgach, vaucherdan foydalanib chipta harid qilish mumkin. Rossiyaning «Aeroflot» kompaniyasi ham huddi shunday vaucherni ikki yilga beryapti.

 – «Aeroflot» vaucherni ikki yilga beryaptimi? Qiziq.  Xalqona qilib aytganda,  ikki yil ichida yo afandi, yoki  eshagi oʻladi, degan soʻzga amal qilishayotgan ekanda.  Axir xorijga viza orqali chiqiladi. Uni tugashi bor. Qayta olish esa yana vaqt va mablagʻ talab qiladi. Menimcha mamlakat ichidagi qoldirilgan parvozlar uchun vaucher juda qulay, biroq xorij uchun muammodan yana  muammo tugʻilishi mumkin.

 – Tushunib turibmiz, biz ham kompaniyalarga mijozlar nomidan soʻrovnomalar, tushuntirishlar joʻnatayapmiz, ular vaqt oʻtib hal qilamiz, hozircha faqat vaucher deyishyapti.

 – Xoʻp, vaucher olsam boʻladimi, qachon boray? 

– Vaucherni bizdan olmaysiz.  Toshkentda Rossiyaning «Aviaflot» kompaniyasining vakolatxonasi bor. Hujjatni ulardan olasiz. Hozir telegram orqali ularning uchta telefonini yuboraman.

 – Jahongir oʻgʻlim, hali koʻp muloqot qiladiganga oʻxshaymiz. Salomat boʻling.

– Siz ham salomat boʻling, charchamang,  doima aloqadamiz.

Hozir jahonda pandemiya avj olgan davr. Iloji boricha uydan chiqmang, deya daʼvat qilinayapti.  Qiynalib qolgan oilalarga  moddiy yordamlar berilyapti. Jahonning boyvachcha avia  kampaniyalari esa pandemiya tufayli tugʻilgan ogʻir vaziyatda muammoni hal qilmasdan ogʻirlikni xalqning yelkasiga  tashlayapti.  Nega dolzarb masala xalqning talablari asosida hal qilinmagan? Shunday boyvachcha aviakompaniyalarning xalq hisobiga yashashi yaxshi emas.  Sinovli davrda xalqning talabini  eʼtiborga olib, ularga imkoniyat yaratsa boʻlardi. Axir kishilar ulardan moddiy yordam soʻrayotgani yoʻq, zarurat tufayli oʻzining besh-olti oy burun berib qoʻygan pulini qaytarishni soʻrashayapti, xolos. Undan ogʻir damlarda foydalandi, endi mijozlarga qaytarsa boʻlardi…

Ushbu muammo mamlakatimizdagi  tegishli tashkilotlar yordamida  ijobiy hal qilinadi, degan umiddamiz.

Raʼno ZARIPOVA, 

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.