AOKA shtabida boʻlib oʻtgan brifingda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Oʻrinboyeva koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga oid savollarga javob qaytardi.
SAVOL: Karantin vaqtida notarius orqali uy oldi-sotdi guvohnomasini olsa boʻladimi?
JAVOB: Boʻladi. Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 20 apreldagi 21-son bayonining 5-bandiga koʻra notariuslarning karantin talablariga rioya qilgan holda ishlashiga ruxsat berilgan.
Shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki e-notarius.uz sayti orqali uydan chiqmasdan turib, notarius qabuliga elektron navbatga yozilish va e-notarius.uz sayti orqali barcha notarial harakatlar haqida toʻliq maʼlumot olish va notarius kalkulyatori xizmatidan foydalanib, davlat boji va boshqa toʻlovlarni mustaqil hisoblash imkoniyati yaratilgan.
SAVOL: Mehnat taʼtili vaqtida kasalxonaga tushdim. Mehnat taʼtili vaqtida kasal boʻlib qolganligim sababli taʼtil kunlarini boshqa vaqtga koʻchirsam boʻladimi?
JAVOB: Mehnat kodeksining 145-moddasiga muvofiq xodimlar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida taʼtilni uzaytirish yoki boshqa muddatga koʻchirish huquqiga ega.
Xodim taʼtildan foydalanishga toʻsqinlik qiluvchi sabablar toʻgʻrisida ish beruvchini xabardor qilishi shart!
SAVOL: Farzandim 31 avgustda 6 yoshni toʻldiradi. Maktabga bersam boʻladimi?
JAVOB: 1-sinfga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
Asos – “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizom.
SAVOL: Nabiram 15 yoshda. Ota-onasi nogiron boʻlganligi sababli ishlashmaydi. Nabiram ishga kirsa boʻladimi?
JAVOB: Amaldagi mehnat qonunchiligiga koʻra, 16 yoshdan boshlab ishga qabul qilish mumkin. Bunda oʻn besh yoshga toʻlganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Shuningdek, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sogʻligʻi, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan mehnat sharoiti noqulay ishlarda, yer osti ishlarida va boshqa ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
SAVOL: 2 yoshgacha bola parvarishi uchun beriladigan nafaqa olish uchun qanday hujjatlar topshirish kerak?
JAVOB: Amaldagi qonunchilikka koʻra bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa olish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
➖belgilangan shakl boʻyicha oilaning tarkibi va daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
➖ bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi boʻyicha nafaqa olish uchun – bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalari nusxalari;
➖ asosan yashab turgan joyi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun — doimiy yashash (doimiy propiska) joyi boʻyicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmaganligi va toʻlanmaganligi toʻgʻrisida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma;
➖ agar bolalar vasiylikka olingan boʻlsa – vasiylik va homiylik organining qaroridan koʻchirma.
☝️Bundan tashqari, moddiy yordamga ehtiyojmandlik toʻgʻrisidagi arizaga, ariza beruvchining xohishiga koʻra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
SAVOL: Karantin vaqtida sudning daʼvoni taʼminlash haqidagi ajrimiga muvofiq MIB ijrochilari javobgarning uyidagi mol-mulkni xatlashi mumkinmi? Agar yoʻq boʻlsa, qanday meʼyorga koʻra sud ajrimi ijro qilinmasligi mumkin?
JAVOB: Amaldagi qonun hujjatlariga koʻra davlat ijrochisi sud yoki boshqa organdan yoxud undiruvchidan qarorni ijro uchun qabul qilib olishi va ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatishi shart.
⚡️Ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan obyektiv holatlar boʻlgan taqdirda, davlat ijrochisi oʻz tashabbusi bilan yoxud taraflardan birining arizasiga koʻra, shuningdek taraflarning har biri mustaqil tarzda ijroni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish hamda ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga murojaat qilishga haqlidir.
Manbaa:@aoka_uz