Korrupsiya nima? U har qanday jamiyatning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga zarar yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini hamda jamiyatning maʼnaviy-axloqiy asoslarini yemiradi, demokratik institutlar va qonun ustivorligini kuchsizlantiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. Korrupsiya uyushgan jinoyatchilikni, terrorizmni va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa tahdidlarning oʻsishiga yordam beradi.
Korrupsiya– illat, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Mamlakatimizda keyingi yillarida ushbu illatga qarshi kurashish maqsadida qator chora tadbirlar kompleksi ishlab chiqilib, samarali amalga oshirilib kelinmoqda.
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash yuzasidan qanday ishlar olib borilayotgani xususida soʻz yuritadigan boʻlsak, oʻtgan yillar mobaynida poraxoʻrlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish kabi holatlar boʻyicha qonunchilikda turli jazolar belgilangan edi. Shunga qaramasdan, bizda bevosita korruptsiyaga oid qonun yoʻq edi. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2017 yil 3 yanvarda qabul qilindi.
“Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomilashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni 2019 yil 27 mayda eʼlon qilindi. Unga koʻra Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiya tarkibi tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi Farmoniga asosan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi ishlab chiqildi.
Toʻrt boʻlim, 35 banddan iborat ushbu dasturda amalga oshiriladigan tashkiliy chora-tadbirlar yaʼni vazifalar belgilab berildi. Jumladan, jurnalistlarni tayyorlash oʻquv dasturlariga «Korrupsiyaga qarshi jurnalist tergovi» fanini kiritish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy, tadqiqiy va ekspert salohiyatini kuchaytirish borasida chora-tadbirlar qabul qilish, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashishda chora-tadbirlarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan shaxslarning bilimlarini va kasbiy mahoratini muntazam ravishda oshirish, mazkur sohada sertifikat olgan ekspertlarning milliy jamoasini bosqichma-bosqich shakllantirish, ilmiy-metodik materiallarni ishlab chiqishga xorijiy ekspertlar va maslahatchilarni jalb etish, korrupsiyaga qarshi kurashish mavzuida magistratura yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv dasturlarini joriy etish, milliy ekspertlarni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasi boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro akademiyasi (KQKXA) va boshqa xalqaro taʼlim muassasalarida oʻqitish kabi vzifalar belgilandi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar koʻrildi.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini taʼminlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Sanjar IBODULLAYEV,
«Urganch aeroporti» chegara bojxona posti katta inspektori