Mamlakatimizda koronavirus xususida eng yirik matbuot anjumani

0
263
marta koʻrilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Mamlakatimizdagi 40 dan ortiq diplomatik korpus va qator xalqaro tashkilot vakillari, 50 dan ziyod mahalliy va 20 ga yaqin xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan mazkur tadbir mamlakatimizdagi eng yirik matbuot anjumanlaridan biri boʻlganiligini alohida eʼtirof etish lozim.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov dunyoda koronavirusning epidemik holati va COVID-19ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtdi. Jumladan, koronavirus infeksiyasining yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytib oʻtildi.

– Agar kasallik qayd etiladigan boʻlsa, dori vositalarining zahirasi, shuningdek, profilaktikasi boʻyicha imkoniyatlarimiz yetarli, – dedi Alisher Shadmanov. – Eng muhimi, har bir fuqaro notoʻgʻri, vahimali maʼlumotlarga ishonmasligi, oʻz ehtiyot choralarini koʻrishi zarur. Bu kasallikni biz berkitayotganimiz yoʻq, uni berkitishning iloji ham yoʻq. Zarurat boʻlmasa, xorijga chiqmaylik, cheklaylik. Siz sogʻlom boʻlganingiz bilan yoningizdagilar oʻz kasalliklaridan bexabar holda yuqtirib qoʻyishi mumkin. Barcha cheklov choralarini oshkor eʼlon qilyapmiz va buni toʻgʻri tushunishni soʻrar edik. Fuqarolarimiz barcha ehtiyot choralarini koʻrsalar, ishonamanki, biz bu jangda gʻolib chiqamiz.

Shuningdek, vazir yurtimizda JSSTning tavsiyasiga koʻra, kasallik qayd etilmagan davlat sifatida xalqaro tadbirlarni oʻtkazish cheklaganligi, ammo oʻzimizning ichki ommaviy tadbirlarni, sport musaboqalarni, konsertlarni cheklashga ehtiyoj yoʻqligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens JSST Oʻzbekiston hukumati bilan birgalikda koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida ishlayotgani, vazirlik va idoralar bilan axborotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgani, eng muhimi, Oʻzbekiston JSSTning barcha tavsiyalarini bajarayotganini eʼtirof etdi.

Lian Kuppensning qayd etishicha, JSST yordami bilan Germaniyadan koronavirus infeksiyasini aniqlovchi test-sistemalar olib kelingan. Bundan tashqari, yana test sistemalar olib kelish va ularning zahirasini yaratish boʻyicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Virusologlar uchun laborator tahlillarni olib borish boʻyicha treninglar ham tashkil qilinmoqda.

Sogʻliqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro ekspert, Amerika Mikrobiologiya jamiyati aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov esa Oʻzbekistonda tibbiy menejment yaxshi yoʻlga qoʻyilgani, poytaxtning oʻzida 40 ta boks xonalar tayyorlangani, bu esa hali koronavirus aniqlanmagan davlat uchun yaxshi koʻrsatkich ekaniga urgʻu berdi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu matbuot anjumani “UzreportTV” telekanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirda namoyish etildi. Shuningdek, qator axborot saytlarida onlayn tarzda xabarlar uzatildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.